Yo‘l tartib-qoidani yoqtiradi (+video)
Navoiy viloyati IIB JXX YHXB tomonidan OAV xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Dastlab press tur ishtirokchilari Karmana tumanida joylashgan markaziy avtoshohbekat hududidagi piyodalar uchun mo‘ljallangan yer osti yo‘li bilan tanishtirildi. Bu yerda yer osti yo‘li bo‘la turib, piyodalar bundan xabardor emas. Bilsalar-da, aksariyat piyodalar yo‘lning belgilanmagan qismlaridan hali-hanuz harakatlanmoqda. Bu esa yo‘l transport hodisalarining sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.
Jarayonda jurnalistlarga 4 R 57, A 379 hamda M 37 avtomobil yo‘llarida yo‘l transport hodisalarining oldini olish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va harakat ishtirokchilari uchun yaratilgan qulayliklar haqida ma’lumot berib borildi.
– Bugungi kunda yo‘llar kengaytirilib, barcha zaruriy yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda, – deydi viloyat IIB JXX YHXB boshlig‘i o‘rinbosari Temur Ramazonov. – 4 R 57 yo‘lining 0-8 km oralig‘ida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Yo‘lning chap tomoniga e’tibor bersangiz, shu yerda ikki yarim metr kenglikda yo‘lak qoldirilgan bo‘lib, velosiped va piyodalar harakati uchun ajratilgan. Bu yo‘lda transport harakati ko‘pligi bois, velosipedlar uchun ham alohida yo‘lak qurilmoqda. Hozirda viloyat bo‘yicha 26,7 kilometr uzunlikdagi velosiped yo‘lagi qurib bitkazilgan.
4 R 57 avtomobil yo‘lining uzunligi 448 kilometr bo‘lib, Navbahor-Nurota yo‘nalishida zaruriy yo‘l belgilari, svetofor qurilmalari, maket va bannerlar, yoritish chiroqlari o‘rnatilib, haydovchilarni hushyorlikka chorlovchi kuzatuv blok postlari tashkil etilgan.
– Navbahor-Nurota yo‘nalishi bo‘yicha ko‘p yuraman. Qoraqarg‘a yo‘lidan Nurota tomonga o‘tgan qismida alohida kuzatuv posti tashkil qilingan, – deydi “NKMK” AJ 3-avtokorxonasi haydovchisi Rustam Hakimov. – Bu yerda haydovchilar to‘xtatilib, turli darajadagi avtohalokatlarning oldini olish borasida tushuntirish ishlari olib boriladi. Havoning issiq kunida uyqu kelishi mumkin. Bu yerda charchoq sezganimizda to‘xtab, dam olib ketamiz. Turli filmlar ko‘rsatishadi. Bukletlar tarqatib, yo‘l patrul xizmati xodimlari yo‘lda hushyorlikni oshirish borasida ogohlantirishadi. Bu haydovchi uchun ham, yo‘lovchilar uchun ham kerakli narsa. Har birimiz yo‘lga chiqqanimizdan keyin uyimizga, oilamiz bag‘riga sog‘-salomat borishimiz kerak.
[gallery-18422]
Press tur yakunida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda viloyat hududida sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisalari tahlili va turlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZbsJ4Dv8Y58" title="Yoʻl tartib-qoidani yoqtiradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ta’kidlanganidek, joriy yilning 6 oyi mobaynida viloyat hududida 94 ta yo‘l transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, ularda 38 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 112 nafari esa turli darajada tan jarohati olgan. Yo‘l transport hodisalarining kelib chiqish sabablari tahlil etilganda, ularning aksariyati belgilangan tezlikka rioya qilmaslik, svetofor yoki yo‘l belgilari talablariga bo‘ysunmaslik, yo‘lovchilarga yo‘l bermaslik, uxlab qolish yoxud charchoq natijasida sodir etilgan.
Matbuot anjumanida tizim mutasaddilari jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari