Yo‘l qurilishi sifati – davlat nazoratida
Yoki O‘zA saytida chop etilgan “Yo‘l qurilishi sifati qachon yaxshilanadi?” nomli maqola yuzasidan raddiya
2021 yil 24 fevral kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligining uza.uz saytida Namangan viloyati “Mustaqil sinov laboratoriyalari” uyushmasi boshqaruv kengashi raisi Nurbek Sharibayev imzosi bilan “Yo‘l qurilishi sifati qachon yaxshilanadi?” nomli maqola chop etildi. Muallifning g‘oyat sub’ektiv, bir tomonlama va shaxsiy manfaatlari aks etgan mazkur maqolaga nisbatan o‘z munosabatimizni bayon qilishni lozim topdik.
Eng avvalo shuni alohida ta’kidlashni istardikki, maqolada qayta-qayta tilga olingan hamda muallifning asossiz e’tirozlariga, hattoki “Yo‘l qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasini samarasiz faoliyat ko‘rsatish”da ayblash uchun uning o‘z nazdida “asosga ega bo‘lgan” – “Toshkent Sharqiy aerodromi negizidagi fuqarolik aviatsiyasida zamonaviy aeroport kompleksi qurish” ob’ekti – Respublika va xalqaro ahamiyatga molik o‘ta muhim qurilish inshooti hisoblanadi. Mazkur ob’ektda qurilish ishlari sifati xalqaro standartlarning barcha talablariga javob berishi, unda ishlatilgan har bir so‘m qat’iy nazoratda bo‘lmog‘i lozim.
Masala shundaki, mazkur ob’ektda “Buyurtmachi” sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning buyurtmasiga asosan, o‘tgan yili Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasining Yo‘l qurilish ishlari sinov laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijasida – ob’ekt qurilishi bilan bog‘liq bir qator texnologik xato va kamchiliklar aniqlangan.
To‘g‘rirog‘i, buyurtmachining taxminiy xisob kitoblariga ko‘ra, ob’ektning bosh pudratchisi hisoblanmish – “Toshkent ko‘priklardan foydalanish korxonasi” DUK tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar oqibatida davlat byudjetiga 5 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Bu holat esa “O‘zyo‘linspeksiya” sinov laboratoriyasi o‘tkazgan tadqiqotlar natijasida o‘z isbotini topdi.
Aynan mana shu holat, ya’ni keragidan ortiq miqdordagi mablag‘ning aslida sarflanmaganligi va uning davlatga qarashli laboratoriya tomonidan tasdiqlangani – “mablag‘lar to‘g‘ri sarflandi”, deya xulosa bergan Namangandagi laboratoriya mutasaddilarining jazavasiga sabab bo‘ldi.
Mazkur holat bosh pudratchi va Namangan mustaqil sinov laboratoriyalari uyushmasi arizalariga ko‘ra, bir necha bor sud instansiyalarida, xususan, maqolada tilga olinganidek, “Toshkent shahar, Mirzo Ulugbek tuman Ma’muriy sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, 2020 yil 10 dekabrda hal qiluv qarori chiqarilgan.” Ammo shu o‘rinda maqola muallifi bir jihatni ataylab “yoddan chiqargani”ni eslatib o‘tamizki, sudning mazkur qarori ustidan – Inspeksiya tomonidan berilgan apelyatsion shikoyat natijasida – 2021 yil 10 fevral kuni Toshkent shaxar tumanlararo sudi ushbu ob’ektda amalda bo‘lgan standartlarga asosan sinov o‘tkazib, natijasi bo‘yicha asosli sinov bayonnomalarini tuzish va xulosa berish majburiyati yuklatilsin, degan xal qiluv qarorini chiqardi. Hozirda ushbu laboratoriya amaliyotiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Aynan mana shu holat – Namangan viloyati mustaqil sinov laboratoriyalari uyushmasini – sud qarori ijrosini ta’minlashga xalaqit berishga, jamoatchilik fikrini asosiy masaladan ataylab chalg‘itish uchun, “O‘zyo‘linspeksiya” faoliyatiga noxolis baho berib, O‘zbekiston milliy axborot agentligining mo‘’tabar minbaridan foydalanib, maqola uyushtirishga undagan bo‘lsa ajab emas.
O‘z-o‘zidan ayon bo‘ladiki, davlat manfaatlari va Namangan viloyati mustaqil laboratoriyalar uyushmasining iqtisodiy muddaolari to‘qnashayotgan – “Toshkent – Sharqiy aerodromi negizidagi fuqarolik aviatsiyasida zamonaviy aeroport kompleksi qurish” ob’ekti bo‘yicha yuqorida tilga olingan sud qaroridan boshqa ham bir necha huquqiy hujjatlar – “O‘zyo‘linspeksiya” Yo‘l qurilish ishlari sinov laboratoriyasi har tomonlama to‘g‘ri yo‘l tutganini tasdiqlaydi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligining 2020 yil 13 martdagi 2442/08-15 sonli xati, O‘zbekiston Respublikasi davlat xavfsizlik xizmatining 2020 yil 6 martdagi 6/3-635 sonli murojatiga binoan, manfaatdor tomonlar, ya’ni Toshkent shahar qurilish sohasi huquqiy nazorat inspektorlari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, xolis kuzatuvchi hisoblangan – Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti, shuningdek, pudratchi korxonalar Toshkent ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi, “Transyo‘lqurilish-maxsuspudrat” MCHJ, “O‘zog‘irsanoatloyiha” sinov laboratoriyasi, loyixachi tashkilot bo‘lmish “Aeroyo‘lloyiha” MCHJ va aynan Namangan viloyati mustaqil laboratoriyalar uyushmasi tarkibida bo‘lgan “Construction Expert” MCHJ laboratoriya vakillari ishtirokida komissiya tuzilib, mazkur masala ko‘rib chiqilgan. Qizig‘i shundaki, maxsus nufuzli komissiya “O‘zyo‘linspeksiya” Yo‘l qurilish ishlari sinov laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan sinov ishlari natijasini ma’qulladi.
Shu o‘rinda hurmatli sayt mushtariylari diqqatini yana bir muhim masalaga qaratmoqchimiz. Maqolada qayta-qayta uqtirib, hattoki jazava bilan o‘quvchilarni ishontirishga urinilgan, “O‘zyo‘linspeksiya” laboratoriyasi faoliyatini “o‘ta qoniqarsiz va samarasiz”likda ayblangan “sifat”larni, mas’uliyatsizlikni – aynan ushbu uyushma tarkibidagi laboratoriyalar faoliyati bilan bemalol bog‘lash mumkin. Balki muallif shuning uchun ham bugungi kunda “bajarayotgan” sifatsiz ishlari uchun mas’uliyatdan qochishning yangi yo‘lini topgan bo‘lishi mumkin. Buni – vakolatli davlat tashkilotlari faoliyatini ataylab qoralab, xaqiqatdan yiroq faktlar bilan jamoatchilik fikrini chalg‘itib, bu xudbin maqsad yo‘lida hattoki, ommaviy axborot vositalarining tobora oshib borayotgan mavqeidan xam foydalanishga urinish, deya baholash mumkin.
Gaplarimiz – biz raddiya bildirayotgan muallif fikrlari kabi asossiz chiqib qolmasligi uchun aniq faktlar keltiramiz. Aynan Namangan viloyati “Mustaqil sinov laboratoriyalari” faoliyati tizimidagi laboratoriya tashkilotlari tomonidan – Qashqadaryo, Farg‘ona va boshqa viloyatlardagi yo‘l qurilish ob’ektlarida o‘tkazilgan sinov ishlarida bir qator jiddiy xato va kamchiliklar aniqlangan. Soddaroq tilda tushuntiradigan bo‘lsak, aynan o‘sha laboratoriyalar tomonidan – zamonaviy talablarga umuman javob bermaydigan, sifatsiz yo‘lllar bo‘yicha ijobiy xulosalar berilgan. Quyidagi suratlarda o‘sha – muallif “qalamravi”dagi laboratoriyalar “sifatli” deb topgan yo‘llar aks etgan:



Qashqadaryo viloyatidagi “Qarshi-Shaxrisabz-Kitob” yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lini 4R-79 “Qarshi-Xonobod q.-Chiroqchi-Shaxrisabz sh.” uchastkasi 4-10 km oralig‘i.
Farg‘ona viloyatidagi 4R112 “Farg‘ona xalqa yo‘li” avtomobil yo‘lining 252-259 km qismini rekonstruksiya qilish ob’ekti
Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ringchi, maqolada tilga olinganidek, kim “malakasiz va poraxo‘r” ekan? Mazkur yo‘llarni qayta sinovdan o‘tkazib, davlatning va xalqning milliardlab pullarini o‘z o‘rniga qo‘yishga urinayotgan “O‘zyo‘linspeksiya” sinov laboratoriyasimi va yoxud “qilar ishni qilib”, nohaqning yonini olib, “do‘ppi tor kelganda”, jazavaga tushayotgan Namangan “Mustaqil sinov laboratoriyalari” uyushmasimi?!.
Shu o‘rinda 24 fevral kungi maqolada aks yana bir holat bo‘yicha oydinlik kiritib o‘tsak. “GRAND ROAD TASHKENT” MCHJning hamda “Obod shahar qurish” MCHJning Toshkent shahar ko‘chalarida bajargan yo‘l ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat xavfsizlik xizmatining 2020 yil 16 sentyabrdagi 6/4-1749 sonli hamda 2020 yil 20 avgustdagi 6/4-1570 sonli yozma murojatlariga asosan qayta laboratoriya sinovlari o‘tkazildi. Natijada mazkur tashkilotlar tomonidan poytaxtning Yakkasaroy, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek va Sergeli tumanlaridagi ichki yo‘llarda amalga oshirilgan ta’mirlash ishlarida belgilangan standart va loyixa talablari buzilgan. Lekin bizni ayblab chiqayotgan Namanganlik laboratoriya vakillari – bu qonunbuzilishlarga ataylab ko‘z yumib, go‘yo “yo‘l ishlari sifatli amalga oshirilgan”, deya ularni o‘z himoyasiga olmoqda.

Mushtariy to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lishi uchun yuzaga kelgan holatni quyidagicha obrazli qilib tasvirlash mumkin:

“GRAND ROAD TASHKENT” MCHJ va “Obod shahar qurish” MCHJlar yo‘l ta’mirlashdan oldin, loyixa xujjatlarida – “yo‘lga gilam to‘shaymiz”, deb ko‘rsatishgan. Amalda esa “yerga sholcha yozib”, “gilam”ning pulini olishgan”. “O‘zyo‘linspeksiya” Yo‘l qurilish ishlari sinov laboratoriyasi esa aynan shuni aniqlagan. Buning uchun texnik isbotlangan himoyamiz bor va uni qiziqqan mushtariylarga havola qilishimiz ham mumkin. Qizig‘i shundaki, bugungi kunda ham davom etayotgan sud jarayonlarida Namangan viloyati “Mustaqil laboratoriyalar uyushmasi” rahbari, biz munosabat bildirayotgan maqola muallifi Nurbek Shariboyev “yo‘lga sholcha yotqizganlarning” himoyachisi sifatida qatnashmoqda.
Darvoqe, poytaxt ko‘chalari va undagi ishlar sifatining – Namangandagi laboratoriyaga qanday aloqasi borligi esa – yana bir diqqatga molik, jiddiy savollar tug‘diradigan masala emasmi?
Mulohazalarimiz so‘ngida yana bir masalani nazardan qochirmaslik kerak. “Yo‘l qurilishi sifati qachon yaxshilanadi?” maqolasi muallifi o‘z yozganlarida “Yo‘l qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasining bu darajada samarasiz faoliyat ko‘rsatishining sababi nima? Poraxo‘rlik yoki malakasizlik?” kabi iboralarni ishlatgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalarida – tuhmat, davlat tashkilotlarini ataylab obro‘sizlantirish va bu fikrlarni keng jamoatchilikka, qasddan, matbuot orqali yetkazganlik uchun tegishli jazo normalari borligini eslatib qo‘ymoqchi edik.
Har kim o‘z fikrini bildirishi barobarida, o‘z aytgan yolg‘on so‘ziga ham, tuhmatiga ham qonun oldida javob berishi – bugungi, oshkoralik va erkin fikrni bildirish tobora kundalik me’yorimizga aylanib borayotgan jarayonlarning mezoni bo‘lmog‘i lozim.
Alijon Boylarov,
“O‘zyo‘linspeksiya” Yo‘l qurilish ishlari
sinov laboratoriyasi boshlig‘i