Mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘sishida yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, barcha sohalar qatori ushbu yo‘nalishda ham katta o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda.
Prezidentimizning 2018 yil 16 iyuldagi “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar rivojida muhim huquqiy asos vazifasini o‘tayotir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-2018 yillarda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturi doirasida 4 ming kilometrdan ziyod xo‘jaliklararo avtomobil yo‘llari ta’mirlangan. 265 kilometr umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llari qayta qurilgan.
«Toshkent-Termiz», «Samarqand-Buxoro-Olot», «G‘uzor-Buxoro-Qo‘ng‘irot-Beynau», «Toshkent-Chimyon-Chorvoq dam olish zonasi» transport yo‘llarida kompleks rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari bajarilgan bo‘lsa, Toshkent, Nukus, Buxoro shaharlarida murakkab transport chorrahalari hamda aholi punktlarini aylanib o‘tish yo‘llari barpo etildi.
O‘zA muxbirining Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Abdunabi HIMMATOV bilan suhbati yurtimiz yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish ishlari va unda tashqi qarz hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarning ahamiyati xususida bo‘ldi.
– Yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bugunning eng muhim masalasiga aylanmoqda, – deydi A.Himmatov. – Negaki, butun dunyoga o‘z eshigini ochayotgan va imkoniyatlarini namoyon etayotgan O‘zbekistonda zamon talablari darajasidagi yo‘llarni qurish taqozo etiladi.
Prezidentimizning alohida e’tibori yo‘l-transport infratuzilma tizimini takomillashtirishga qaratilganligi muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi yo‘l-transport sohasidagi 30 dan ortiq xalqaro konvensiya, shartnoma va kelishuv a’zosi, shuningdek, xalqaro tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro transport tizimiga milliy transport kommunikatsiyalarini takomillashtirish va integratsiya qilish bo‘yicha dasturlarning faol ishtirokchisi hisoblanadi. Respublikamiz hududidan 20 dan ortiq xalqaro transport yo‘nalishlari o‘tadi.
– bugungi kunda O‘zbekistonda xalqaro transport koridorlarini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?
– Mamlakatimiz yo‘l-transport siyosatining asosiy maqsadi xalqaro transport kommunikatsiyalariga integratsiya qilish, tashqi savdo va tranzit yuklarini tashish uchun samarali xalqaro yo‘nalishlarni rivojlantirish, yo‘l-transport kompleksini modernizatsiya qilish va tranzit potensialini oshirishdir. Shuningdek, rekonstruksiya qilingan yo‘l mamlakatimiz ichki va tashqi savdosi oshishiga o‘z hissasini qo‘shadi hamda qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni yanada yaxshilaydi.
Mamlakatimizda bugungi kunda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari 42 ming 869 kilometrni tashkil etib, shundan 3 ming 993 kilometri xalqaro, 14 ming 203 kilometri davlat, 24 ming 673 kilometri mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari hisoblanadi.
Xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarini zamonaviy talablarga moslashtirish va texnik parametrlarni oshirish borasida bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, amalga oshiriladigan loyihalarda asosiy e’tibor sementobeton qoplamali yo‘llar qurish, avtomobillar qayrilib olish joylarini yer usti yoki ostidan o‘tkazish, yo‘l va ko‘priklar hamda transport yechimlarini mukammal loyihalash hisobiga xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarda harakatlanishda xavfsizlik va qulaylikni oshirishga qaratilmoqda.
Qo‘mitamiz tomonidan 2008-2019 yillarda respublikamizda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 516 million dollar investitsiya jalb qilinib, 406 kilometr 4 tasmali, yo‘l qoplamasini ko‘tarish quvvati 8 tonnadan 13 tonnagacha bo‘lgan avtomobil yo‘llari qurilib, foydalanishga topshirilgan. Mazkur yo‘llar mahalliy, xalqaro yuklar va tranzitni ta’minlashda o‘z jozibdorligiga ega bo‘lmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 10 yanvardagi “2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2020 yilda avtomobil yo‘llari, ko‘priklar hamda yo‘l o‘tkazgichlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, ob’ektlarni jihozlash hamda texnikalar xarid qilish manzilli dasturi tasdiqlandi. Natijada yo‘l-transport infratuzilmasi yanada rivojlanmoqda, yangilanmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aholi hayot darajasi va sifati yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning 2019 yil 9 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xo‘jaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni qabul qilinishi raspublika yo‘l qurilishi sohasida yangicha yondashuv bo‘layotganligidan dalolat beradi.
Mazkur farmonda yo‘l xo‘jaligini boshqarishning zamonaviy tizimini yaratish, nazorat va xo‘jalik funksiyalarini aniq chegaralash, monopoliyadan chiqarish, xususiy sektor korxonalarini jalb qilish va investitsion jozibadorlikni oshirish hisobiga sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, yo‘l qurilishiga innovatsiyalarni keng joriy etish maqsad qilib qo‘yilgan.
– Umuman, yo‘l qurilishi davlat byudjeti bilan bir qatorda tashqi qarz hisobiga amalga oshiriladi. Shu ma’noda, mamlakatimizda tashqi qarz hisobidan nechta loyiha amalga oshirilmoqda?
– Albatta, bunday yirik loyihalar uchun ichki va tashqi imkoniyatdan foydalanish barcha mamlakatlar amaliyotida kuzatiladi. Bizda ham bu amaliyot mavjud.
Ayni kunlarda qo‘mita tomonidan xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda umumiy qiymati 1 milliard 199,6 million dollar bo‘lgan 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021 yilda jami 154 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.
Loyihalar haqida ma’lumot beradigan bo‘lsak, birinchi loyiha Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Hududiy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish. 3-Faza” ko‘p transhli moliyalashtirish dasturi loyihasiga asosan A-380 “G‘uzor-Nukus-Qo‘ng‘irot-Beyneu” avtomobil yo‘lining 228-315 kilometr qismini rekonstruksiya qilishdir. Mazkur loyiha 2023 yilda qurib bitkaziladi. Rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yo‘li Buxoro viloyatining Romiton, Peshku, Buxoro va Jondor tumanlari hududlaridan o‘tadi.
Ikkinchisi, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining 116-190 kilometr qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida tejab qolingan mablag‘lar evaziga ushbu yo‘lning 173-176 kilometr qismini rekonstruksiya qilish. Uchinchisi, Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi M-39 “Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining 1395-1400 kilometr va 1410-1426 kilometr qismlarini rekonstruksiya qilish. To‘rtinchisi, “Mahalliy ahamiyatdagi mintaqaviy hududiy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish” loyihalaridir.
Shuningdek, beshinchi loyiha “Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokidagi “4R87 “G‘uzor-Chim-Ko‘kdala” avtomobil yo‘lining 38-73 kilometr qismidagi 35 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘lini 2 tasmali asfaltbeton qoplamadan 4 tasmali asfaltbeton qoplamali avtomobil yo‘liga o‘tkazish. Oltinchi loyiha, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) ishtirokida “A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 150-228 kilometr qismini rekonstruksiya qilish va yettinchi loyiha A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 964-1204 kilometr qismlarini sementbeton qoplamasi bilan rekonstruksiya qilishdir. Ayni kunlarda mazkur loyihalar asosida barcha ishlar reja asosida olib borilmoqda.
– Joriy yilda ushbu yetti loyihadan qaysi biri foydalanishga topshiriladi?
– Hozir A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining "116-190 kilometr qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida tejab qolingan mablag‘lar evaziga ushbu yo‘lning 173-176 kilometr qismini rekonstruksiya qilish loyihasi bo‘yicha ishlar qizg‘in olib borilmoqda.
Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining baland tog‘li dovon qismi xalqaro standart talablariga javob beradigan yagona texnik parametrlarga yetkazilib, rekonstruksiya ishlari 2021 yil avgust oyiga qadar yakunlanadi.
Hozirgi kunda sementbeton qoplamaning yuqori sifatini ta’minlash maqsadida zamonaviy yo‘l qurilish texnikalari, Germaniya va Koreya Respublikasidan malakali mutaxassislar jalb qilingan. Shuningdek, loyihani amalga oshirish doirasida "Evrascon" pudratchi kompaniyasi tomonidan rekonstruksiya ishlarini amalga oshirishda mikrofyurfeysing innovatsion texnologiyasi qo‘llanilmoqda.
Bajariladigan ishlar sifatini ta’minlash maqsadida qurilish ishlari ustidan texnik nazoratni Koreya Respublikasining «Sambo Engineering Co., Ltd.» xalqaro konsalting kompaniyasi amalga oshirmoqda.
A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining 173-176 kilometr qismi foydalanishga topshirilgandan so‘ng Qamchiq dovonidan o‘tuvchi yo‘lning 100 kilometr qismida intellektual transport tizimi (ITS) joriy etilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida transport vositalari oqimi, ob-havo sharoiti va yo‘l harakati xavfsizligini real vaqt rejimida boshqarish va monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.
A-373 avtomobil yo‘li respublika iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etib, u qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi orqali Xitoy Xalq Respublikasi hamda Tinch okeani mamlakatlariga chiqish imkonini yaratadi. Mazkur ob’ekt 2021 yilning avgust oyiga qadar foydalanishga topshiriladi.
Joriy yil foydalanishga topshiradigan loyihamizdan yana biri – “4R87 “G‘uzor-Chim-Ko‘kdala” avtomobil yo‘lining 38-73 kilometr qismidagi 35 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘lini 2 tasmali asfaltbeton qoplamadan 4 tasmali asfaltbeton qoplamali avtomobil yo‘liga o‘tkazish loyihasidir.
Mazkur loyihaning umumiy kiymati 113,6 million dollarni tashkil etadi. Bunda Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi hissasi 30 million dollar hamda Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi hissasi 21 million dollar va O‘zbekiston Respublikasining hissasi 62,6 million dollar ekvivalenti miqdorida belgilangan.
Boshqa loyihalar ham belgilangan muddatda ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda loyiha doirasida xalqaro kompaniyalar tomonidan qurilish-montaj ishlarini boshlash bo‘yicha 220 dan ortiq maxsus texnika va transport vositalarini ko‘chirish choralari ko‘rilmoqda.
– Yo‘l-transport sohasiga yo‘naltirilgan tashqi qarz mablag‘i qay darajada o‘zini oqlaydi? Loyihalar uchun ajratilgan tashqi qarz to‘lovlari qay tartibda va qancha muddatda qaytarilishi belgilangan?
– Har yili mamlakatimizning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va davlat byudjeti parametrlarini ishlab chiqishda davlat qarzini boshqarishga konseptual yondashilmoqda va o‘rta muddatli strategiyaga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlat qarzini boshqarish tizimining xalqaro andozalar asosida takomillashuvi natijasida jalb qilingan investitsiya mablag‘lari va loyihalarni samarali boshqarish va natijadorlikka erishiladi.
bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi yo‘l qurilishi sohasida Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi (STJ) va Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi (QAITJ), Jahon banki guruhining Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasi kabi xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlik qilmoqda. 2020 yildan boshlab Osiyo infratuzilma va investitsiyalar banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banklari investitsiya mablag‘ini yo‘l qurilishini moliyalashtirishga yo‘naltirish istagini bildirdi.
Loyihalar uchun ajratilgan tashqi qarz to‘lovlari tartibi va muddati to‘g‘risida to‘xtalib, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “A380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 964-1204 kilometr qismini rekonstruksiya qilish loyihasi misolida oladigan bo‘lsak, OTB tomonidan ajratilgan mablag‘ 274,2 million dollarni tashkil qiladi. Bunda investitsiya mablag‘ini qaytarish muddati 24 yil bo‘lgan 248,2 million dollar miqdoridagi oddiy kapital mablag‘i va 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan qaytarish muddati 24 yil bo‘lgan 26 million dollar miqdoridagi imtiyozli mablag‘ni tashkil qiladi.
To‘lovlarni amalga oshirish muddati bir yilda ikki marta belgilangan bo‘lib, foiz stavkasi 6 oy LIBOR+0,5 foiz yillik to‘lovdan iborat.
Mazkur loyihada O‘zbekiston Respublikasining ulushi 109,2 million dollarni tashkil qiladi va ushbu soliq hamda boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berishdan iborat. Barcha loyihalar bo‘yicha ham xalqaro moliya institutlari bilan imzolangan qarz bitimi 20 yildan 30 yilgacha bo‘lgan muddatni tashkil qiladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tashqi qarz hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar amalga oshirilishi ijobiy natija beradi. Fuqarolarimiz xavfsizligi va tovar-moddiy boyliklarning joylarga zararsiz yetkazilishi va xalqaro tranzit imkoniyatlari oshishiga iqtisodiyotning asosiy aortasi bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bilan qaraymiz. Yo‘l qurilishiga sarflangan investitsiya mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro hamjamiyatdagi ijobiy natijalari va makroiqtisodiy barqarorlikka olib borishi shubhasizdir.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.