Yo‘l qoidasi – umr foydasi
Sodir bo‘ladigan qoidabuzarliklarning oldini olishda profilaktik tadbirlarning o‘rni juda katta. Ayniqsa, bolalarga maktab ostonasidan boshlab qoidalarni tushuntirib borish, ularga yo‘llarda xavfsiz harakatlanish ko‘nikmalarini o‘rgatish kelgusida sodir etilishi mumkin bo‘lgan ko‘plab hodisalarning oldini oladi.
Shuni alohida e’tiborga olgan holda, Toshkent viloyati IIBB YHXB tomonidan bir qator rejali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, profilaktika va targ‘ibot kunlarida maktablarda suhbatlar o‘tkazish, o‘quvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, YHXB tizimidagi rahbar xodimlar maktablarga jalb etilyapti.

Bir kunda viloyatdagi 48 ta maktab qamrab olindi. Barcha xodimlar kerakli ma’lumotlar va bolalarbop ma’ruzalar bilan ta’minlandi. Shuningdek, ularga yo‘l-transport hodisalarining ayanchli oqibatlari aks etgan fotosuratlar va bolalar qoidabuzarliklarining aniq misollari berildi.
Suhbatlarni ko‘rgazmali qurollar va jonli savol-javob tariqasida o‘tkazilganligi ham o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda. Bolalarni qiziqtirgan savollariga tegishli xodimlar tomonidan batafsil javob berildi.
Targ‘ibot va profilaktika tadbirlari davom ettirilmoqda.

A. Musayev, O‘zA