Yo‘l narxi 7 mingdan 5 ming so‘mga tushirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani “Jalpaq jap” ovul fuqarolar yig‘ini aholisining tashabbusi tufayli hududdagi muhim ijtimoiy muammo o‘z yechimini topdi.
Ushbu ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi B.Qayipov va F.Yembergenov Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga yordam so‘rab murojaat yo‘lladi. Unda “Ayteke yangi talab” aholi punktidan Xalqobod shaharchasiga yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan yengil mashinalarning yo‘l haqi narxi yuzasidan noroziliklar bildirilgan.
O‘rtacha 12 kilometrlik masofaga qatnaydigan taksi xizmati ilgari har bir kishidan 5 ming so‘m olib kelingan bo‘lsa, keyinchalik "gaz yo‘q" degan bahona bilan yo‘l narxi 10 ming so‘mga ko‘tarilib ketgan. Ammo gaz bilan bog‘liq holatlar barqarorlashganiga qaramay, taksi haydovchilari 7 ming so‘mdan qatnovni davom ettirgan. Bu holat hudud aholisining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Bu masala bo‘yicha Kegeyli tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi holatni zudlik bilan nazoratga oldi. O‘tkazilgan o‘rganish ishlari va hududdagi taksi haydovchisi xizmatini ko‘rsatuvchilar bilan olib borilgan suhbatlar o‘z samarasini berdi.
Natijada, hudud aholisi bilan yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchilar o‘rtasida o‘zaro kelishuvga erishildi va yo‘l kira narxi har bir yo‘lovchi uchun 5 ming so‘m etib belgilandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri