Yo‘l madaniyati — xavfsiz hayot kafolati
“Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan Toshkent shahar IIBB YHXB, Mahallalar uyushmasi hamda Transport boshqarmasi hamkorligida “Yo‘l madaniyati — xavfsiz hayot kafolati” mavzusida ochiq muloqot va targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda poytaxtda yo‘l harakati madaniyatini yuksaltirish, haydovchi va piyodalarning o‘zaro hurmati va mas’uliyatini oshirish, noxush yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va xavfsiz muhit yaratish masalalari muhokama qilindi.
Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Muhammadjon Valiyev va boshqalar so‘zga chiqib, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, haydovchi va piyodalarda yo‘l harakati qoidalariga amal qilish madaniyatini oshirish zarurligini ta’kidladi. Mazkur sohada qonunchilik asoslarini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyati xususida ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida soha mutaxassislari piyodalar xavfsizligini ta’minlash, jamoat transporti harakatini tartibga solish va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha qator amaliy taklif va tavsiyalar bildirdi.
M.Komilova,
O‘zA