Yo‘l harakati qoidalari takomillashadi
Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, aholi punklarida transport vositalarining tezligi soatiga 70 kilometrdan oshmasligi kerak. Maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari atrofidagi yo‘llarda 300 metrgacha bo‘lgan masofada 30 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi respublika komissiyasining qarori asosida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi yo‘l harakati qatnovi yuqori bo‘lgan va aholi gavjum hududlarda transport vositalari harakatlanishining yuqori tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilanishi mumkin.
Yengil avtomobillarda yuk tashishga ularning tom qismiga o‘rnatilgan yukxonadagi yukning balandligi 1 metrdan ( maxsus moslamalar bilan mustahkamlangan holda velosipedlarni tashish bundan mustasno) va uzunligi avtomobilning gabaritidan 0,5 metrdan oshmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Yuk avtomobillari, Yo‘l harakati qoidalarida belgilangan ayrim istisnolardan tashqari barcha holatlarda, yo‘lning faqat o‘ng qatnov qismidan harakatlanishi shart.
Transport vositalarining qayrilib olish joylarida va unga 30 metr yetmasdan yoki o‘tib to‘xtash taqiqlanadi.
Sutkaning qorong‘i vaqtida va yetarlicha ko‘rinmaydigan sharoitda velosiped yo‘lkasi bo‘lmagan holda yo‘lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar nur qaytargichli kamzulda yoki nur qaytaruvchi elementlar bo‘lgan ustki kiyimda bo‘lishi shart. Bunda ushbu nur qaytaruvchi elementlar boshqa haydovchilarga ko‘rinadigan bo‘lishi kerak.
Yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalari 2022 yil 1 maydan amal qila boshlaydi.
O‘zA