"Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, shuningdek, yog‘-moy mahsulotlarining xavfsizligi yuzasidan ko‘shimcha talablarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi.
Yog‘-moy mahsulotlari xavfsizligiga nisbatan qo‘yiladigan talablar, shu jumladan, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyenik normativlar, yog‘-moy mahsulotlarini ishlab chiqarish, qadoqlash, tamg‘alash, saqlash, tashish, qaytarib olish va utilizatsiya qilish (qayta ishlash), muomalaga chiqarish, sotish, namuna olish, identifikatsiya qilish va muvofiqligini baholash hamda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha talablar Yog‘-moy mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentda ko‘rsatib o‘tilgan.
Muomalaga chiqarilayotgan yog‘-moy mahsulotlaridan belgilangan maqsadda foydalangan holda ozuqaviy yog‘-moy mahsulotlari yaroqlilik muddati davomida yoki ozuqaviy bo‘lmagan yog‘-moy mahsulotlari saqlanish muddati davomida inson hayoti va sog‘ligiga zarar yetkazmasligi kerak. Yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarish, qadoqlash, saqlash, tashish, muomalaga chiqarish va utilizatsiya qilish (qayta ishlash) mobaynida Texnik reglamentda belgilangan, rioya qilinishi majburiy bo‘lgan sanitariya koidalari, normalari va gigiyenik normativlar talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
Texnik reglament talablariga muvofiqligini baholash, yog‘-moy mahsulotlariga belgilangan talablarga amal qilinishi ustidan davlat nazorati o‘rnatilib, boshqa yog‘-moy mahsulotlari uchun taalluqli talablar belgilangan Texnik reglamentlar asosida amalga oshiriladi.
Texnik reglament amalga kiritilgan kundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiladigan va yog‘-moy mahsulotlarining xavfsizligiga qo‘yiladigan talablarni belgilovchi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar Texnik reglamentga muvofiq kiritilgunga qadar Texnik reglamentga to‘g‘ri keladigan qismi qo‘llaniladi. Texnik reglament talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
O‘zA