Yoʻqolgan pochta qutilari
Dolzarb mavzu
Bir paytlar gazeta va jurnallarni pochtachi uyimizga keltirib berardi. Keksa boʻlsa-da, mahallamizdagi pochtachi ayol gazeta-jurnallarga toʻla sumkasini yelkasiga ilganicha, oʻz ishini juda puxta va chaqqon, bexato bajargan. Oʻshanda xonadonlarning pochta qutilari turli nashrlarga toʻla boʻlardi. Pul va boshqa joʻnatmalar, turli kvitansiyalar, xat-xabarlar, yaxshi kitoblar oʻz egasiga vaqtida yetib kelardi. Hamon esimda – olis shahardan bir quti archa oʻyinchoqlari uyimizga bus-butun holda yetib kelgandi. Hozir bir quti shisha archa oʻyinchoqni boshqa shaharga joʻnatishni tasavvur qiling.
Yillar oʻtdi. Pochtachilar necha bor oʻzgardi. Mutolaaga, obunaga, bosma nashrlarga, ehtimolki, ayrim jurnalistlarning oʻz ishiga munosabati ham oʻzgardiki, pochtachining ham vazifasi boshqacharoq tus oldi. Endi baʼzilarning tuppa-tuzuk nashrlar qolib, boʻlmagʻur saytlar, ijtimoiy tarmoqlardan “savod chiqarayotgani” ham juda afsusli holat.
Koʻp qavatli uylar yoʻlagidagi pochta qutilari boʻshab qoldi. Keyinchalik temir-tersak ishqibozlarining dastidan bu qutilarning oʻzi ham qaygadir gʻoyib boʻldi.
Besh-olti yillar avval, yodingizda boʻlsa, nuroniylarning nafaqa pullari pochtaxonalar orqali berilardi. Yana ham toʻgʻrirogʻi, pochtachi pullarni uyma-uy yurib, egasiga tarqatishi kerak boʻlsa-da, keksalar hali tong yorishmasidanoq, pochtaga yoʻl olar, uzundan-uzoq navbat kutishga majbur edi. Oʻshanda ham pul kimga yetardi, yetmagan esa ertasi kuni yana tongdan pochtaga chiqib, navbat kutishga, pochtachining qosh-qovogʻiga qarab, yalinishga majbur boʻlardi.
Kimgadir qanday joʻnatma kelgan boʻlsa, pochtachi oʻzi xonadonma-xonadon, “domma-dom” yurishga erinib, biror qoʻni-qoʻshnidan ayttirib yuborar, “falonchi qoʻshningizga aytib qoʻying, joʻnatma bor, kelib olib ketsin” derdi.
Bir gal pochtaxonada bir toʻp gazeta-jurnallar uyilib yotganiga koʻzim tushgandi. Pochtachi feʼli suygan biron odam gazetami yoki nevaralariga jurnal soʻrasa, qoʻshqoʻllab tutqazib yuboraverardi. Bolalikdan oshno nashrlar odamning koʻziga olovdek koʻrinardi. “Gʻuncha”, “Tong yulduzi”, “Gulxan”, “Klass”... Yana qancha bosma nashrlar. Ular egasiga oʻz vaqtida yetkazilmagani uchun ham pochtaxonada yigʻilib qolardi...
Uch-toʻrt yil boʻldiki, nuroniylar endilikda nafaqani pochtaxona orqali olishiga, sarsongarchiliklarga barham berildi. Keksalar pochtachi ayolning qosh-qovogʻiga qarashdan qutuldi.
Endilikda bosma nashrlarni oʻz egasiga yetkazish, turli joʻnatmalarni oʻz vaqtida egalariga eltish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etib, pochta faoliyatida tezkorlik, ishonchlilik tamoyillarini joriy etish davr talabiga aylandi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-oktyabrda milliy pochta tizimini isloh qilish masalalari boʻyicha oʻtkazgan yigʻilishida mazkur soha odamlarning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilishi zarurligi haqidagi qimmatli fikr va mulohazalari nechogʻli dolzarb ekanini davr koʻrsatmoqda. Zero, bugun koʻplar, nainki koʻchada, balki uyda ham niqob taqishga majbur boʻlayotgan murakkab paytda pochtaga ehtiyoj har qachongidan ham ortayapti.