Yo‘l qoidasi – umr foydasi
Navoiy shahar texnika kollejida shahar o‘quv sport texnika klubi tomonidan yo‘l harakati qoidalari mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Navoiy shahar texnika kollejida shahar o‘quv sport texnika klubi tomonidan yo‘l harakati qoidalari mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Navoiy viloyati kengashi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan muloqotda “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi raisining o‘rinbosari D.Narzullaev, “Yo‘l harakati qoidalariga” kitobi muallifi, iste’fodagi polkovnik N.Muhitdinov, viloyat IIB YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik X.Raxmatov, haydovchilar ishtirok etdi.
Yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi uyushmalar haydovchilari uchun harakat xavfsizligini ta’minlash, haydovchilarni yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq qonunchilikdagi yangiliklar bilan tanishtirish, ularning hushyorligini oshirish maqsadida o‘tkazilgan davra suhbatida “Vatanparvar” tashkiloti yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi uyushmalar bilan hamkorlikda yo‘l harakati qoidalari targ‘iboti bo‘yicha viloyatda olib borilayotgan ishlari tahlil qilindi.

Shuningdek, haydovchilar va piyodalar o‘rtasida sodir etilayotgan qoidabuzarlik holati va ularni yuzaga keltirayotgan omillar muhokama qilinib, yo‘l qoidalariga kiritilgan yangi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.
Davra suhbatida haydovchilar madaniyati, xususan ularning yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishi, yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalarining oldini olish, piyodalar harakatlanish joylarida sergaklikni oshirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilib, bu borada targ‘ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Tadbirda ishtirokchilarga Navoiy o‘quv sport texnika klubida 30 soatlik malaka oshirish kursi tashkil etilgani, dars mashg‘ulotlariga malakali murabbiylar jalb qilingani ma’lum qilindi.
Ishtirokchilarning yo‘l harakati qoidalari va harakat xavfsizligiga oid savollariga mas’ullar batafsil javob berdi.
A.Abdurahmonov,
“Vatanparvar” tashkiloti Navoiy shahar
o‘quv sport texnika klubi boshlig‘i