Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, xorijiy investorlarga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar natijasi o‘laroq bugun Namangan – respublikaning sanoat markaziga aylandi.
Bu borada erkin va kichik sanoat hududlarida tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalar muhim o‘rin tutmoqda. Jumladan, To‘raqo‘rg‘on tumani “Ibrat” massivi hududidan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasiga qo‘shimcha ajratilgan 70 gektar yerning 41,2 gektar maydonida umumiy qiymati 245,3 million dollarlik, 4 ming 615 ta ish o‘rniga ega bo‘ladigan yettita loyiha joylashtirildi.
[gallery-19491]
Pokiston Islom Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Diamond Group of Industries” xorijiy korxonasining 72 million dollarga teng yirik loyihasiga start berildi. To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur yirik korxona qurilishiga tamal toshi qo‘yish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Umumiy yetti gektar yer maydonida barpo etishga kirishilgan ushbu korxona ishga tushganidan keyin yiliga 10 ming tonna tekstil va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilib, 47 million dollarlik mahsulotlar chet elga eksport qilinadi.
Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov bunday yirik iqtisodiy loyihalar tadbirkorlik va to‘qimachilik sanoati rivojiga hissa qo‘shish asnosida, aholi bandligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirishda katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Xorijiy kompaniya vakillari qurilishni tez yakunlab, loyihani hayotga tatbiq etish va hamkorlikni yanada mustahkamlash rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.