“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” tanlovining hududiy bosqich g‘oliblari taqdirlandi
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy mahorati va tajribasini ommalashtirish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi yakunlandi.
Tanlovda respublika bo‘ylab tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 ming 664 nafar direktor o‘rinbosari hamda tarbiyachilar ishtirok etdi. Ishtirokchilar o‘z bilim va ko‘nikmalari, innovatsion yondashuvlari hamda bolalar tarbiyasidagi tajribalarini namoyon etdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi. Shuningdek, g‘oliblar uchun qator imtiyozlar ham belgilangan.
Jumladan, oliy ma’lumotli ishtirokchilarning malaka toifasi bir pog‘onaga oshiriladi. Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishtirokchilar esa oliy ta’lim muassasalarining “Maktabgacha ta’lim” yo‘nalishiga kirish imtihonlarisiz o‘qishga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Mazkur tanlov maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagoglarni rag‘batlantirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va ta’lim sifati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA