Yilning eng faol nuroniy-murabbiylari taqdirlandi
Qarshi shahridagi Ma’naviyat maskanida “Yilning eng faol nuroniy-murabbiysi” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joiz, ko‘pni ko‘rgan, boy hayotiy tajribaga ega nuroniylarning hayot yo‘llari, purhikmat nasihatlari yosh avlodni hamisha yaxshilik, ezgulik sari yetaklaydi.
E’tiborli jihati, bugun bu tamoyil Hukumatimiz tomonidan yoshlar tarbiyasi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ham o‘z aksini topmoqda.
Xususan, 2021 yilning 19 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining videoselektor tarzida o‘tkazilgan majlisning 3-son bayoni 37-bandida 2021 yil mart oyidan boshlab hududlarda “Har bir nuroniy - besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili asosida har bir mahalla fuqarolar yig‘inida nuroniylarni yoshlarga biriktirish bo‘yicha yangi tizim joriy etish vazifasi belgilab berilgan edi.
[gallery-5043]
Shunga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida ham katta hayotiy tajribaga ega, obro‘-e’tiborli, tashabbuskor nuroniylar, faol keksalar va faxriylarga mahallalarda istiqomat qilayotgan 5 nafardan tarbiyasi og‘ir, ma’naviy ko‘makka muhtoj, uyushmagan, ishsiz yoshlar biriktirilgan.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashi, viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi "Nuroniylar" kengashi hamda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan “Yilning eng faol nuroniy-murabbiysi” ko‘rik-tanlovi ham Qashqadaryo viloyatida ushbu tamoyil asosida ish olib borayotgan va bu borada yuqori natijalarga erishayotgan nuroniylarni aniqlash va rag‘batlantirish, qolaversa, ularning tajribalarini keng ommalashtirishni nazarda tutadi, - deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Lola Saodatova. - Tanlovning dastlabki bosqichi tuman (shahar)lar miqyosida o‘tkazilib, unda g‘olib bo‘lgan 15 nafar ishtirokchi viloyat bosqichiga yo‘llanma olgan edi. Viloyat bosqichida ham ishtirokchilar uchta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, yakkabog‘lik Shohida Errahmatova eng ko‘p ball to‘plab, oliy o‘ringa sazovor bo‘ldi.
- Uzoq yillar davomida tumandagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yoshlarga saboq bergan bo‘lsam, bugun mahalla faoliga aylanganimdan baxtiyorman, - deydi Shohida Errahmatova. - Yil boshida o‘zim istiqomat qilayotgan Mevazor mahallasiga chaqirib, 5 nafar ishsiz hamda oilasi notinch yoshlarni biriktirib berishgan edi. Shu yoshlarni o‘z farzandlarim bilan bir xil ko‘rib, yil bo‘yi yelib-yugurdim. Mehnatlarim besamar ketmadi. Bugun ishsiz, oilasidan ajrashgan bir qizimiz kredit olib, tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga erishdi. Oilasi notinch bo‘lgan yana bir qizimiz esa hozir turmush o‘rtog‘i bilan yarashib, ahil-inoq yashamoqda. Bir yigitimiz oliygoh talabasiga aylandi, qolgan ikkalasiga ham mahallaning o‘zidan yaxshi ish topib berishga erishdik.
Yakunda Qarshi shahri vakili – Ichki ishlar vazirligi faxriysi Sodiq Islomov 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘rin shahrisabzlik ijodkor, “Turon” fanlar akademiyasi akademigi, Xalq ta’limi a’lochisi Bozor Boltayevga nasib etdi. Qarshi tumanilik Hukm Imomov esa 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA