Andijon tumanida umumiy qiymati 64 milliard so‘mga teng loyiha doirasida trikotaj korxonasini barpo etish ishlariga start berildi.
Yurtimizning har bir go‘shasi kundan-kunga obod bo‘lib bormoqda. Yangi-yangi uy-joylar, bog‘cha, maktab, stadionlar, savdo, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, ishlab chiqarish korxonalari barpo etilib, qishlog‘u shaharlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. Bu albatta mamlakatimizdagi tinchlik-xotirjamlik, iqtisodiyotni ko‘tarish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir.
Ayniqsa, keyingi yillarda Andijon viloyatida ko‘plab ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati yo‘lga qo‘yilayotganligi bois, xotin-qizlar, yoshlar daromadli, doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lmoqda.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirokida «Vodiy klaster tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Andijon tumanida bunyod etilayotgan yangi korxona ham ana shu yo‘nalishdagi ishlarga bir misoldir.
Mazkur korxonada yiliga 16,1 million AQSH dollari qiymatida erkaklar, ayollar va bolalar uchun kiyim-kechaklar ishlab chiqariladi. Korxona mahsulotining 12,8 million dollarlik qismi xorijga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA