O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish borasida yangi bug‘-gaz qurilmalarining ishga tushirilishi" mavzuida brifing o‘tkazildi.
Unda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov bu boradagi ishlar yuzasidan axborot berdi.
– Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyaning qariyb 86 foizi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi, – dedi M.Bekmuhammedov. – 2019 yilda yurtimizdagi issiqlik elektr stansiyalari tomonidan 56,4 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu miqdor 2015 yilga nisbatan 20 foizga oshganiga qaramay, iqtisodiyot tarmoqlarining rivoji va aholi ehtiyojlarining oshishi tufayli 2030 yilga borib elektr energiyaga talabi 2 baravarga o‘sishi kutilmoqda. Bunda ko‘zda tutilayotgan extiyojlar uchun atom elektr stansiyasi va muqobil energiya manbalariga asoslangan elektr stansiyalar ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, asosiy “yuk” issiqlik elektr stansiyalari zimmasiga yuklangan.
Amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida yil yakuniga qadar jami 1177 megavatt yangi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi. O‘z navbatida, bugungi kunda 805 megavattli energobloklar foydalanishga topshirildi. To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida 450 megavattli ikkinchi bosqichi, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida 280 megavattli birinchi bug‘-gaz qurilmalari hamda Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida oltinchi energoblokning quvvati 75 megavattga oshirilishi bunga misoldir.
Shuningdek, yil yakunigacha yana 372 megavattga teng quvvatlarni ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida ikkinchi 280 megavattli bug‘-gaz qurilmasi, Farg‘ona issiqlik elektr markazida 17 megavattli gaz turbina qurilmasi, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida beshinchi energoblokning modernizatsiya ishlarini yakunlash natijasida quvvati 75 megavattga oshiriladi. Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasida 800 megavattli energoblok joriy ta’mir ishlari yakunlandi.
E’tiborli jihati, 2020 yilning yanvar-oktyabr oylarida 48,5 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu rejadan 5 foizga ko‘p bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,5 foiz ziyoddir. Joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga ko‘ra, 8 ta energoblok, 15 ta qozonagregati, 5 ta BGQ va boshqa bir qator asosiy va yordamchi energiya uskunalari ta’mirlangan. Ta’mir ishlarini bajarilishi natijasida issiqlik elektr stansiyalari va markazlarining amaldagi quvvati 368 MVtga oshgan.
Pandemiya sharoitiga qaramay, "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalar o‘z muddatida foydalanishga topshiriladi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA