Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohasiga juda katta e’tibor qaratildi.
Buni birgina Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining tarkibiy qismi bo‘lmish O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi misolida kuzatamiz.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi va uning 16 ta hududiy filiali Prezidentimizning 2019 yildagi tegishli qarori bilan 2020 yil 1 yanvardan qayta tashkil etildi.
Markaz jamoasi mamlakatimiz iqtisodiyotining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda eksport salohiyatini oshirish, buning uchun yangi laboratoriyalar bunyod etish, mavjudlarini xalqaro talablarga muvofiq jihozlash, ularda faoliyat ko‘rsatadigan kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Albatta, har qanday mahsulotning muvofiqligini baholashda sinov laboratoriyalari muhim. Shu sababli, o‘tgan davr mobaynida xalqaro standartlar (ISO, IEC, UNECE, EN, CODEX STAN) talablariga muvofiq ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sinovlarini to‘liq amalga oshiradigan zamonaviy sinov laboratoriyalarini tashkil etishga asosiy e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda markazda jami 20 ta sinov laboratoriyalar majmuasi (polimer, yengil sanoat, elektrotexnika, kimyo, qurilish, mashinasozlik va metall, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida) faoliyat yuritib kelmoqda.
Shuningdek, markaz va uning hududiy filiallari qoshidagi jami 17 ta sinov laboratoriyalar majmualari OʻzDst ISO/IEC 17025-2019 standarti talablariga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkazilib, sinov bayonnomalarida xalqaro ILAC belgisidan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Natijada ushbu laboratoriyalar tomonidan rasmiylashtirilgan sinov bayonnomalari xalqaro darajada tan olinishiga erishildi.
Mamlakatimiz bo‘yicha 8 ta, ya’ni “UzTest” markazi va uning Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Qashqadaryo, Samarqand hamda Xorazm filiallarining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sinash laboratoriyalari 336 dona zamonaviy uskuna xaridi asosida modernizatsiya qilinib, to‘liq ishga tushirildi hamda olis tumanlarda joylashgan korxonalarning mahsulot namunalarini laboratoriyaga yetkazish maqsadida logistika xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Buning natijasida 2000 dan ortiq sinov usullari o‘zlashtirilib, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovlarni to‘liq o‘tkazilishiga va xalqaro sinov uslublari asosida amalga oshirilgan sinov natijalarini xorijda tan olinishiga erishildi. Shu bilan birga, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi 1 ming 982 ta eksportyor korxona mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Piskent tumanida umumiy qiymati 3,8 million yevro bo‘lgan texnik vositalarni elektromagnit moslashuvchanlikka baholash laboratoriyasi ishga tushirilib, mashinasozlik va elektrotexnika mahsulotlari muvofiqligini to‘liq baholash yo‘lga qo‘yildi.
Natijada 1 ta umumiy texnik reglament va 58 dan ortiq xalqaro standartlar uslublari asosida respublikamizda ishlab chiqarilayotgan hamda import tarzida kirib kelayotgan texnik vositalarning elektromagnit moslashuvchanlik bo‘yicha xavfsizlik ko‘rsatkichlari sinovi o‘tkazib kelinmoqda.
Yana bir muhim vazifalardan biri bu kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishdir. So‘nggi yillarda 100 dan ortiq mutaxassis Turkiya, Xitoy, Latviya, Chexiya va Belarus kabi davlatlarda oziq-ovqat, maishiy elektrotexnika, metall, qurilish va boshqa turdagi mahsulotlar sinovlari bo‘yicha amaliy kurslarda malaka oshirdi.
Albatta, ushbu sa’y- harakatlar o‘z samarasini bermay qolmadi. Sinov laboratoriyalari tomonidan import tarzida kirib kelayotgan va mahalliy ishlab chiqarilayotgan ayrim sifatsiz mahsulotlarni aholiga realizatsiya qilinishining oldini olish bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Misol uchun, 2022 yil davomida markaz qoshidagi sinov laboratoriyalari tomonidan 107 ta holatda mahsulotlar sifat va xavfsizlik talablariga nomuvofiq deb topilgan. Bular oziq-ovqat (alkogol, o‘simlik moyi, bug‘doy uni va boshqalar), metallurgiya (armatura), kimyo (ko‘mir), elektrotexnika (televizor, elektrodvigatel), qurilish (beton bloklar, keramik g‘isht, kafel, gipsokarton va boshqalar) mahsulotlaridir.
Ushbu import tarzida kirib kelgan nomuvofiq mahsulotlar bo‘yicha muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirish rad etilib, ma’lumotlar tegishli tashkilotlarga yuborilgan.
Mamlakatimizda barcha sohalarda xalqaro andozalar joriy etilmoqda. Masalan, qishloq xo‘jaligi korxonalarida “Global G.A.P.” va “Organic”, to‘qimachilikda “OEKO-TEX” standarti asosida mahsulotlar tayyorlanmoqda.
– Eksportyor korxonalarga ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida 282 ta fermer xo‘jaligining 11 ming gektar maydonida “Global G.A.P.” va “Organic” xalqaro standarti joriy qilinib, sertifikatlashtirildi, — deydi markaz bo‘lim boshlig‘i Jahongir Abduqodirov. — 53 ta yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi to‘qimachilik sanoati korxonalarida “OEKO-TEX” xalqaro standarti joriy qilindi. Bundan tashqari, 33 ta korxonaga Yevropa Ittifoqi bozoriga kirishda talab etiladigan “SE” markirovkasi olinib, mahalliy mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi davlatlari bozorlariga eksport qilish imkoniyati yaratildi. Ma’lumki, qator mamlakatlarda import mahsulotlarga qo‘yiladigan talablar turlicha. Bu hol ushbu davlatlarga mahsulot eksport qilishda qo‘shimcha muammolar tug‘diradi. Yevropa Ittifoqining umumiy imtiyozlar tizimi “GSP+” doirasida 6 ming 200 turdagi mahsulotlarni Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilish imkoniyati yaratib berildi.
E’tiborli jihati shundaki, “GSP+” tizimi doirasida Yevropa Ittifoqiga eksport qilinadigan mahsulotlar sonini 600 taga yetkazish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mahalliy ishlab chiqaruvchi 1 ming 718 ta korxonada xalqaro sifat menejment tizimlari joriy qilindi. Yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkich 2 ming 400 taga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.
“GSP+” tizimi doirasida eksport qilinadigan 1 ming 533 ta mahsulotga Yevropa Ittifoqi davlatlarida belgilangan talablar o‘rganilib, 1 ming 279 ta yirik eksportyor korxonalarga yetkazildi. Shuningdek, boshqa xalqaro standart talablari 1 ming 304 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonaga yetkazildi. Natijada 2022 yil davomida jami 211,5 million dollar qiymatidagi mahsulotlar Yevropa Ittifoqi, MDH davlatlari va boshqa mamlakatlarga eksport qilinishiga erishildi.
Shu o‘rinda aytish joizki, O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi jamoasi 2024 yilda quyidagi dolzarb vazifalarni o‘z oldiga maqzad qilib qo‘ygan. Jumladan, muvofiqlikni baholash natijalarini xalqaro darajada tan olinishini ta’minlash maqsadida 2024 yilda 3 ta xorijiy mamlakat bilan keng hamkorlikdagi faoliyat yo‘lga qo‘yiladi. Sinov laboratoriyalarida xalqaro sinov uslublarini amaliyotga joriy etish borasida ham bir qator vazifalar belgilab olingan.
Dolzarb yo‘nalishlar kesimida sinov laboratoriyalar tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etgan holda 12 million dollarlik shartnoma imzolash maqsad qilingan.
Bundan tashqari, laboratoriyalar kompetentligini baholash maqsadida yengil sanoat, polimer va oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha provayder laboratoriyalar bilan 8 ta xalqaro solishtiruv sinovlarida qatnashish ko‘zda tutilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlarida muvofiqlikni baholash bo‘yicha 6 ta sertifikatlashtirish idoralari bosqichma-bosqich akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Joriy yil yakuniga qadar 140 ta korxonada xalqaro sifat menejment tizimlari sertifikatlashtiriladi. ISO 17020 xalqaro standarti bo‘yicha “Yukni jo‘natishdan oldin tekshirish inspeksiyasi” hamda Yevropa davlatlarida “UzTest” davlat muassasasining sertifikatlashtirish idorasi tashkil etilishi xizmat ko‘rsatish turlari va sifatini oshirish bilan birga markaz nufuzini xalqaro darajada oshirishga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda aytish joiz, qurilish – hayot talabi, iqtisodiyotning yetakchi sohalaridan biri. Yurtimizda bu sohaga keng imkoniyatlar berilgani natijasida bunyodkorlik sur’ati oshdi. O‘z navbatida qurilishda sifatli va xavfsiz metall prokatini qo‘llash, qurilish ob’ektlari qulashining oldini olish, shuningdek, qurilayotgan bino va inshootlarning mustahkamligi ko‘rsatkichlari belgilangan talablarga muvofiqligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokatining sifati va xavfsizligini oshirish maqsadida markazning Toshkent shahrida joylashgan laboratoriyasiga 13 ta, Andijon va Qashqadaryo filiallari laboratoriyalariga jami 29 ta zamonaviy uskunalar xarid qilindi.
Shuningdek, Toshkent shahrida qiymati 3,5 milliard so‘m bo‘lgan metall mahsulotlari sinov laboratoriyasining yangi korpusini qurish va uni zamonaviy jihozlar va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan jihozlash ishlari amalga oshirildi.
Natijada metall mahsulotlarining fizik-mexanik sinovlari hamda kimyoviy tarkibini aniqlash bo‘yicha 30 dan ortiq xalqaro sinov usullari o‘zlashtirilib, mashinasozlik va qurilish sanoatidagi 448 ta eksportyor korxona mahsulotlari sinovlarini o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA muxbiri.