Yil sarhisobi va kelgusidagi rejalar
Sirdaryo viloyati prokurori Sanjar Mavlonov rahbarligida prokuratura, departament va byuro viloyat boshqarmalari xodimlari ishtirokida viloyat prokuraturasi hay’atining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat prokuraturasi organlarining qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2022 yildagi faoliyati natijalari tanqidiy muhokama qilindi. Yig‘ilishda viloyat prokurori ma’ruza qilib, yil davomida prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarga birma-bir to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilganidek, viloyatda qonuniylikni ta’minlash maqsadida 8,4 mingga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilib, qariyb 8 mingdan ortiq fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Shuningdek, prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan 85,2 milliard so‘mlik zarar undirilishi ta’minlandi. Tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyotning dolzarb yo‘nalishlarida tizimli tadbirlar amalga oshirilib, 2,3 mingdan ortiq tadbirkorlar murojaatlari qanoatlantirilib, muammolarini bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Mas’ullarning izohlari tinglanib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro muddatlari aniq ko‘rsatilgan topshiriqlar berildi. Hay’atda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA