2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili
Mana 2023 yil ham tarix sahifalarida muhrlanib qoldi. Ushbu yil O‘zbekistonimiz uchun olamshumul ahamiyatga molik voqeliklarga boy yil bo‘ldi. Binobarin, 2023 yil el-yurtimiz uchun qut-barakali va omadli kelib, eng muhimi, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik hukm surayotganligi, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish ishlari boshlandi.
Yangi 2024 yil arafasida Prezidentmiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi e’lon qilindi. Tabrikda 2023 yilda hayotimizda chuqur iz qoldirgan asosiy tadbirlar haqida bayon etilib, tariximizda ilk bor xalqimiz referendum yo‘li bilan yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qilganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “...albatta, hayot bor ekan, uning yutuq va quvonchlari, tashvish va muammolari ham bo‘lishi tabiiydir. Ammo inson va xalq aql-zakovati, halol mehnati, mustahkam irodasi bilan har qanday sinovlardan munosib o‘tishga qodir”.
Mamlakatimizga millionlab xorijliklar tashrif buyurib, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga ijobiy baholarini berishdi. Prezidentimiz tomonlaridan xalqaro maydonda muhim tashabbuslar ilgari surildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Inson qadrini ulug‘lash, aholimiz manfaatlarini ta’minlash, buning uchun kuchli iqtisodiyot barpo etish kabi muhim vazifamizni hayotga tadbiq etish maqsadida 2024 yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilindi.
Bizningcha, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash” degan iboraning tagida olam-olam ma’no mujassam.
Avvalo, mamlakatimiz yoshlar mamlakati. Aholimizning 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Bu degani maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish, xalq ta’limi tizimidagi muammolarni yechish va ta’lim sifatini oshirish choralarini ko‘rish, bu oliy ta’lim tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, oliy ta’limni sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqish, bu oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimidagi muammolarni bartaraf etish, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish tizimini mukammallashtirish, umuman yoshlar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish va h.k. Har yili mamlakatimiz aholisi 900 mingdan ortiq nafarga ortayotganligi esa ushbu masalalarga tizimli va tezkor yechimlar topishni taqozo etadi.
Endi “biznesni qo‘llab-quvvatlash” deganda nimalarni tushunamiz, shu masalaga ham bir diqqatimizni qaratsak. Avvalo “Biznes” so‘zining lug‘aviy ma’nosiga e’tiborimizni qaratsak,inglizcha business – ish, mashg‘ulot, korxona, degan ma’nolarni anglatadi. Demak, biznesni qo‘llab-quvvatlash deganda bandlikni, mashg‘ullikni, korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni tushunishimiz kerak. Shuningdek, biznes deganda, faqat pul topishga qaratilgan sohani emas, balki doimiy ravishda e’tiborga, qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoji bor sohani tushunishimiz lozim. Ya’ni davlat tomonidan biznes qanchalik qo‘llab-quvvatlansa, biznes ham mamlakatning rivojiga, taraqqiyotiga, xizmatlar sifatining oshishiga, mamlakat imijining ko‘tarilishiga va alaloqibat xalqning farovonligiga xizmat qiladi. Biznes qanchalik rivojlansa, unga shunchalik ko‘p ishchilar kerak bo‘ladi, bu esa aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlaydi, yoshlarning noqonuniy migratsion jarayonlarga jalb etilishini kamaytiradi.
Prezident tabrigida ta’kidlanganidek, yangi yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytirish, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.Ijtimoiy sohalar rivoji mutlaqo yangi bosqichga ko‘tariladi. Muxtasar aytganda, yangi hayotni, Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun bor kuch va imkoniyatlar to‘liq safarbar etiladi.
Abira Xuseynova,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a’zosi,
Ombudsmanning Buxoro mintaqaviy vakili.
O‘zA