Ma’naviyat millatni taraqqiyotga yetaklovchi, davlatning qudratini oshiruvchi muhim omil sanaladi. Zero, insonning jamiyatdagi o‘rni uning moddiy boyliklari bilan emas, balki yuksak ma’naviy qiyofasi bilan belgilanadi.
So‘nggi yillarda yurtimizda milliy madaniyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha qator qarorlar qabul qilinib, yangi O‘zbekistonning yangi tarixini yaratish yo‘lida izchil islohotlar olib borilmoqda. Bu o‘zgarish esa ma’naviy-ma’rifiy ishlarni davlatimiz siyosatida yanada yuksak o‘ringa ko‘tardi.
Ma’naviy-ma’rifiy sohada so‘nggi yillarda qabul qilingan qaror va famonlar, Murojaatnoma hamda sohaga doir videoselektor yig‘ilishida berilgan vazifalar ijrosi, uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka samarali yetkazish maqsadida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” bosh tamoyili asosida Shofirkon tumanidagi davlat va jamoat tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim hamda nodavlat oliy ta’lim muassasalari, maktabgacha ta’lim va mahallalarda "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari tomonidan samarali targ‘ibot ishlari olib borildi.
Tumanda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish maqsadida Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi tomonidan yillik ma’naviyat soatlari mavzulari va rejasi, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishga qaratilgan metodik qo‘llanmalar, targ‘ibot vositalari hamda ish rejasi ishlab chiqilib, barcha korxona, tashkilot va muassasalarga yetkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tumandagi barcha korxona va tashkilot hamda muassasalarda har hafta seshanba kuni “Ma’rifat soati” kuni sifatida belgilandi. 25 ta tashkilot, 57 ta umumiy o‘rta ta’lim hamda 2 ta nodavlat ta’lim muassasasi, 44 ta maktabgacha ta’lim va 50 ta mahallada yillik “Ma’rifat soatlari” reja jadvali asosida haftaning har seshanba va har oyning birinchi juma kunlari “Ma’naviyat o‘quvi” mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda.
Jamiyatdagi ma’naviy yangilanishlar har bir insonni qalban va ruhan ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirishga xizmat qilishi barchaga ma’lum. Joriy yilning 5 iyun kuni Shofirkon tumani ham yana bir ma’naviy yangilanish sari qadam qo‘ydi. Tuman markazida barcha zamonaviy imkoniyatlarga ega "Ma’naviyat va ma’rifat maskani" binosi foydalanishga topshirildi.
Tumanda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’i nazar viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tumandagi 25 ta korxona, tashkilot va muassasalar bilan "Yo‘l xarita"lari ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Tuman Mahalla uyushmasi bilan hamkorlikda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash maqsadida tuzilgan yo‘l xaritalari asosida 50 ta MFYda 100 dan ortiq tadbirlar, davra suhbatlari, seminarlar, tanlovlar o‘tkazilib kelinmoqda.
2023 yil 22 dekabrda bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’limlash maqsadida tuman mahallalari, umumta’lim maktablarida “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida “Mahallada duv-duv gap” ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbirlari keng miqyosda o‘tkazildi.
Tumanda shoir, yozuvchi, madaniyat xodimi va boshqa tarmoq sohalardan iborat targ‘ibotchilar faoliyat yuritib kelmoqda. Tumandagi 57 ta umumta’lim maktabi, 25 ta korxona va tashkilotda Ma’naviyat xonalari tashkil qilingan.
Tumanda turli mavzularda 100 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, “Ma’naviyat va ma’rifat o‘quvlari” hamda “Ma’rifat soat”lari o‘tkazildi.
Jumladan, “1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurashish kuni”, “3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan turkum tadbirlar tashkil etildi. Shu bilan birga, “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Yangi ma’naviy makon va ma’rifatli jamiyat”, “Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlari” mavzusida ziyolilar forumi o‘tkazildi. “Biz korrupsiyaga qarshimiz”, “Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish”, O‘z huquqingizni bilasizmi?”, “Qadriyatlarimiz bebaho boyligimiz” “Kitoxonlik oiladan boshlanadi”, “Xotin-qizlar orasida diniy mutaassiblikning oldini olish”, “Mirzo Ulug‘bekning 630 yilligi”, “Imom Termiziyning 1200 yilligi”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan turkum tadbir va viktorinalar ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.
Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida “Mobil targ‘ibot” guruhlari tomonidan “mahallabay” targ‘ibot-tashviqot ishlari tashkil qilindi.
Tumanda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishda faol ishtirok etib kelayotgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, joriy yilda turli tanlovlarning respublika bosqichlarida tumanimiz vakillari katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi.
Shofirkon tumanida avgust oyi davomida “Ma’naviyat festivali” doirasida “Milliy qadriyatlar haftaligi” loyihasi o‘tkazildi. “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” mavzusidagi “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy seminari, “Uchinchi Renessans – yoshlar nigohida” respublika tanlovining tuman bosqichi tashkil etildi. “Men ham harbiy bo‘laman” kitob-albomi taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 16-17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida milliy ma’naviyatimiz va azaliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, yoshlarning intilish va maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash, vatanparvarlik tarbiyasi borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni yuzaga chiqarish maqsadida respublikada birinchi marta “Surxondaryo tajribasi” misolida 5-sektor “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etish tashabbusi ilgari surilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida “Surxondaryo tajribasi” asosida Shofirkon tumanidagi barcha ta’lim muassasalarida “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etish borasida amaliy ishlar olib borildi.
Yurtimiz bo‘ylab 14 dekabrdan 15 yanvarga qadar davom etadigan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida “14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni” va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligiga bag‘ishlangan keng qamrovli tadbirlarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi ham faol ishtirok etmoqda.
2024 yil 2-6 dekabr kunlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining markaziy apparati xodimlari, hududiy bo‘limlar rahbarlari va xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash maqsadida masofaviy (ta’lim platformasi)da o‘quv kurslari tashkil etildi. Unda Shofirkon tuman bo‘linmasi xodimlari malaka oshirib, sertifikat oldi.
Dilorom G‘AFFOROVA,
Respublika Ma’naviy va ma’rifat markazi
Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari
O‘zA