Yurtimizda jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat va faollik ko‘rsatayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalarini ommalashtirish maqsadida “Yil ayoli” milliy ko‘rik- tanlovining Guliston tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda "O‘z kasbining ustasi", "Yilning eng faol tadbirkori", "Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi", "Yilning eng yaxshi uy bekasi", "Yilning eng jonkuyar ustozi", "Yilning eng faol sog‘lom turmush targ‘ibotchisi" nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar e’lon qilindi. Tanlov shartlariga ko‘ra, ularga viloyat bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya berildi.

–Guliston tumanida o‘tkazilgan "Yil ayoli" milliy ko‘rik-tanlovida "Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi" nominatsiyasida g‘olib bo‘ldim,–deydi "Guliston hayoti" gazetasi bosh muharriri, "El-yurt hurmati" ordeni sohibasi Bahriniso Norjigitova.– Albatta, jurnalist sifatida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotlar faoliyatimizda salmoqli o‘rin tutadi. Zero, yurtimizda, xususan, viloyat va tumanimizdagi har bir yangilik va o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan, kamchilik va muammolarni tahlil qilib, matbuotda yoritib kelaman. Bu e’tirof esa menga yanada ilhom baxsh etdi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va ularning orzu-intilishlari, bunyodkorliklari haqidagi yangi mavzularni yoritishga harakat qilaman.
G‘olib va ishtirokchilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar topshirildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri