“Yil ayoli – 2022” tanlovining buxorolik g‘oliblari
Buxoroda “Gender tenglik faoli”, “Eng namunali tadbirkor”, “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot”, “Mohir pazanda” kabi ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov qatnashib barcha ishtirokchilarni tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratishda xotin-qizlarning faolligini qo‘llab-quvvatlash, farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirishda jamoatchilikka, eng avvalo, yoshlarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata oladigan obro‘-e’tiborli va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, faol va tashabbuskor ayollarning sa’y-harakatini birlashtirish uchun zarur sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda hududlarda doimiy asosda faoliyat yurituvchi yuridik shaxs bo‘lmagan jamoatchilik tuzilmasi — “Oqila ayollar” harakati tashkil etilgan. Oilalarni mustahkamlash, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas an’analarni singdirishga qaratilgan tizimli targ‘ibot-tashviqot ishlarida shubhasiz ayollarning o‘rni va xizmati beqiyos.
– Tanlovlar mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, yuksak ma’naviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat bo‘layotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Feruza Ibragimova. – Mamlakatimizda oila va xotin-qizlar tizimiga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan ayollarimiz har sohada faolligini namoyon etmoqda. Ular tomorqachilik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik va albatta bekalik vazifalarini ham uddalashmoqda. Ayni kunda viloyatdan o‘nlab, yuzlab rahbar, deputat, mohir tadbirkorlar, senator ayollarimizning borligi fikrimiz isbotidir. “Yil ayoli” milliy tanlovi viloyat bosqichida ishtirok etgan ayollarning barchasi nizom talablariga rioya etgan holda o‘z iqtidorlarini namoyish etdi.
[gallery-9670]
Hay’at kengashi qaroriga muvofiq “Yilning eng vatanparvar ayoli” nominatsiyasida Olot tumani Ichki ishlar bo‘limi katta inspektori Zilola Hamroqulova, “Yilning eng faol olima ayoli” nominatsiyasida Buxoro Muhandislik Texnologiya instituti dotsenti Nafisa Zayavitdinova, “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli” nominatsiyasida G‘ijduvon tumani “Firdavs O‘ktam Amon omadi” MCHJ rahbari Iqlima Jo‘rayeva, “Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli” nominatsiyasida Shofirkon tumani 11-son umumta’lim maktabi targ‘ibotchisi Tamara Bo‘ronova, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli” nominatsiyasida viloyat teleradiokompaniyasi kadrlar bo‘yicha mutaxassisi Dilfuza Sulaymonova, “Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi” nominatsiyasida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti katta o‘qituvchisi Abera Gadoyeva, “Yilning eng yaxshi uy bekasi” nominatsiyasida Romitan tumani “Hazortut” mahalla fuqarolar yig‘inidan Zarina Tosheva, “Yilning eng jonkuyar ustozi” nominatsiyasida Vobkent tumani 42-son umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Muhabbat Yuldasheva, “Yilning eng faol sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi” nominatsiyasida Romitan tumani Tibbiyot birlashmasi katta hamshirasi Mamlakat Rajabova, “Yilning eng yaxshi g‘oyalar tashabbuskori” nominatsiyasida Buxoro Davlat tibbiyot instituti dekani Muhayyoxon Hamdamova, “Yilning eng yaxshi IT-dasturchi ayoli” nominatsiyasida Buxoro Davlat universiteti katta o‘qituvchisi Gulnora Bo‘ronovalar g‘olib deb topildi. Ular tashkilotchilar tomonidan diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tadbirda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari e’lon qilindi. Jumladan, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tuman(shahar) davlat organi (tashkiloti)” nominatsiyasida Kogon tumani xalq ta’limi bo‘limi, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol NNT” nominatsiyasida O‘zbekiston Psixologlar assotsiatsiyasining Buxoro viloyati hududiy bo‘limi, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tadbirkorlik subekti” nominatsiyasida G‘ijduvon tumani “G‘ijduvon diagnostika maskani” xususiy korxonasi rahbari Gulbahor Sharopova, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hududiy davlat organi (tashkiloti)” nominatsiyasida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti, “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tuman(shahar) hokimligi” nominatsiyasida Romitan tumani hokimligi e’tirof etildi.
Xuddi shunday tadbirda 2022 yilning kasanachilik orqali xotin-qizlar bandligini ta’minlashda hissa qo‘shayotgan “Eng namunali tadbirkor”, shuningdek, “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari ham taqdirlandi. Ko‘rik-tanlovlarning viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi san’at ustalari, xushovoz xonandalar konsert dasturi bilan yakunlandi.
Ma’lumot uchun, joriy yil 27 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Unda jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, har jihatdan ibratli xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish va jamoatchilikka yetkazish maqsadida qator chora-tadbir ishlab chiqilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA