Andijon shahrida yashovchi To‘xtasin Sobirov va Dilbar Sharipova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan)ning sha’riy nikoh asosida turmush qurganlariga xali bir yil ham to‘lmagan edi. Ming afsuski, uyning yig‘ishtirilmaganligi tufayli o‘rtalarida kelib chiqqan janjal yosh kelinni hayotdan bevaqt olib ketdi.
Oila – kichik bir jamiyat. Uning rahbari esa erkakdir. Binobarin, oilaning saodatli bo‘lishi shartlaridan biri ham erga itoatdir. Lekin ba’zi bir erkaklar buni mutlaq hokimlik, deb anglaydi, hatto ayollarga zulm qilish darajasigacha yetadi. Hamma narsaning o‘z me’yor, chegarasi bo‘ladi. Ana shu chegaradan chiqish esa na biror bir kishiga, na jamiyatga foyda keltirmaydi.
Arzimagan sabab tufayli yosh er-xotin o‘rtasida kelib chiqqan janjal oqibatida endigina 21 yoshni qarshi olgan, hali onalik baxti ham nasib etmagan bir ojizaning vafot etishi achinarlidir.
Aslida voqea qanday bo‘lgan edi?
Dilbar ishxonasida ishlar ko‘payib ketgani uchun ishdan kech kaytib, ovqat tayyorlayotgan bir paytda turmush o‘rtog‘i ko‘chadan kirib keladi. Bu paytda ular bilan birga yashaydigan xonadon kattalari uyda bo‘lmagan. Ishdan nega kech kelganligi, keyin uyning saranjom-sarishta emasligi uchun o‘rtada janjal boshlanadi. Dahanaki jang tilini tiymagan xotinni do‘pposlashgacha borib yetadi.
Jahl kelganda, aql ketadi deganlaridek, er tomonidan kaltaklanib, hushini yo‘qotgan Dilbar shifoxonaga yetib bormasdan vafot etadi.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida marhumada bosh miya yopiq jarohati, teri osti va to‘qimalarga qon quyilishlar, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi, shilinma jarohatlar, umuman, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari borligi qayd etilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Marhamat tuman sudi raisi Abdurashid Isaqov raisligida ushbu holat bo‘yicha sud ishi ko‘rib chiqilib, sudlanuvchi, 1994 yilda tug‘ilgan To‘xtasin Sobirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi va jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Ro‘zg‘ordagi arzimas ikir-chikirlarni deb janjal ko‘tarish, qaramog‘ida bo‘lgan ayolga kuch ishlatish hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi. Har qanday inson g‘azabiga erk berishdan oldin uning oqibatlarini o‘ylashi kerak. Qolaversa, oilalar, ayniqsa, yosh oilalarning tinch va mustahkam bo‘lishi uchun avvalo, o‘sha oilaning kattalari, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-kuy, keng jamoatchilik zarur choralarni ko‘rishi, yuqoridagi kabi holatlar yuz berishining oldini olish lozim.
“Qars ikki qo‘ldan chiqadi”. Shu bois biz xulosa chiqarmaymiz.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA