“Yeyilmagan somsa” ga pul to‘lanmaydi
Navoiy viloyatining Xatirchi tumani, “Avoxli” mahallasidagi Sharrak ko‘chasi 38-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Sodiq Ochilov Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, iste’molchi sifatida buzilayotgan huquqlarining himoya qilinishida amaliy yordam so‘ragan.
Murojaatda fuqaroga maishiy texnika olishi uchun 2021 yil may oyida Navoiy shahar Navoiy ko‘chasida joylashgan “Texno-Shivaki – Navoiy” MCHJ hisob raqamiga Ipoteka banki tomonidan 24 million so‘m pul mablag‘i ko‘chirib berilganligi, MCHJ mas’ullari fuqaroni xabardor qilmasdan olinishi nazarda tutilgan tovarlarni o‘zaro til biriktirib, boshqa fuqaroga berib yuborganligi bayon etilgan.
Murojaat Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan batafsil o‘rganildi. O‘rganishlar davomida 2021 yil 10 aprelda sotuvchi va iste’molchi o‘rtasida tuzilgan 36-sonli shartnomaga asosan yetkazilishi kerak bo‘lgan 2 dona 32 diagonalli, 3 dona 49 diagonalli televizor, 1 dona chang yutkich - jami 24 million so‘mlik tovarlarni yetkazib berish tartibi, shartnoma shartlari javobgar (xizmat ko‘rsatuvchi MCHJ) tomonidan qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi.
Tegishli hujjatlar va o‘rganishda aniqlangan holatlarga asoslanib, iste’molchining buzilgan huquqlarini himoya qilish maqsadida Navoiy shahar jamiyati tomonidan sudga da’vo arizasi kiritildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudi javobgar – “Texno – Shivaki – Navoiy” MCHJdan fuqaro Sodiq Ochilovning foydasiga shartnoma bo‘yicha 24 million so‘mlik mahsulot, shuningdek, ma’naviy zarar uchun 1 million so‘m tovon puli, davlat foydasiga esa 1 million 560 ming so‘m miqdorida davlat boji undirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Yana bir murojaat Xatirchi tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘rganib chiqildi.
“Bo‘g‘irdoq” MFYda yashovchi fuqaro Nargiza Egamberdiyeva tuman markazidagi savdo do‘koniga elektrotexnika va ro‘zg‘or buyumlari olish uchun 12 million so‘m miqdorida iste’mol krediti mablag‘ini ko‘chirtirib, 6 million 800 ming so‘mga kerakli mahsulotlarni olgan. Qolgan 5 million 200 ming so‘mga muzlatkich olishni rejalashtirgan. Do‘kon egalari muzlatgich yo‘qligini aytib, yaqin kunlarda “eng zo‘ri” kelishini va’da qiladi.
Berilgan va’da bajarilmagan, fuqaro esa uzoq vaqt do‘konga qatnagan. Bu orada fuqaro bir necha tashkilot va muassasalarga yordam so‘rab murojaat qiladi, ammo natija chiqmagan.
OAVlar orqali O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi faoliyati to‘g‘risida xabar topgan fuqaro federatsiyaning Xatirchi tuman jamiyatidan amaliy yordam berishlarini so‘raydi. Jamiyat xodimlari tomonidan murojaatni o‘rganish jarayonida sotuvchiga “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi qonunga asosan iste’molchining huquqi, xizmat ko‘rsatuvchining majburiyatlari tushuntirilgach, sotuvchi iste’molchining 5 million 200 ming so‘m mablag‘ini qaytarib berdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi jamoat birlashmasi shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA