YeXHT vakili O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan gender siyosatini yuqori baholadi
Oliy Majlis Senatiga YeXHT raisining gender masalalari bo‘yicha maxsus vakili Saara-Sofiya Siren tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda zo‘ravonlikka qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida fikr almashildi.
Xususan, qonunchilik va institutsional asoslarni takomillashtirish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, himoya va reabilitatsiya xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan ishlar samara berayotgani qayd etildi.

Saara-Sofiya Siren O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan gender siyosatini yuqori baholadi. Genderga oid zo‘ravonlikka qarshi kurashish, ayollar huquqlarini mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslar katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Ayniqsa, hududlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar reabilitatsiya va moslashuv markazlarining ahamiyati alohida qayd etildi. Fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtiroki va erkaklar hamda o‘g‘il bolalarning gender tenglikni ta’minlash jarayonlariga jalb etilishi muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va YeXHT o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti doirasidagi faoliyatni chuqurlashtirish, ikki tomonlama platformalar orqali tajriba almashish va amaliyotni muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
N.Abduraimova, O‘zA