YeXHT missiyasi ekspertlari bilan uchrashuv
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Ehtiyojlarni baholash missiyasi (YeXHT DIIHB EBM) ekspertlari Aleksey Gromov va Martina Barker-Sigannikova bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Ombudsman so‘nggi yillarda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bog‘liq keng qamrovli islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida Ombudsman institutining mustaqilligini mustahkamlash va uning qamoqda saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur hujjatga muvofiq, Ombudsmanga Konstitutsiyaviy sudga masalalar kiritish, uning majlislarida ishtirok etish va ushbu tadbirlarda o‘z nuqtai nazarini bayon etish, fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab ariza va da’volar bilan sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat etish huquq va vakolatlari berildi.
2019 yilda Ombudsman huzurida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yilib, bu orqali jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining ta’minlanishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.
Uchrashuvda joriy yildan Ombudsman huzuridagi qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida jazoni ijro etish muassasalari, tergov xibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarga jamoatchilik vakillari hamda OAV ishtirokida o‘tkaziladigan monitoring tashriflari tizimli yo‘lga qo‘yilgani hamda bu borada Parlamentga muntazam tarzda ma’lumotnoma kiritib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Shuningdek, o‘zaro muloqot davomida nogironlar huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, 2021 yilda Ombudsman nomiga yuborilayotgan murojaatlar tahlili hamda shu yil mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov jarayonlarida Ombudsmanning o‘rni yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.
O‘zA