Yevropalik diplomatlar Texnoparkda
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan Yevropa mamlakatlari diplomatik missiya vakillari va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbarlarining Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan Texnoparkka tashrifi tashkil etildi.
Yevropa diplomatlari bilan muloqot chog‘ida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov sanoat salohiyatini oshirish, jumladan, Yevropa davlatlari ilg‘or texnologiyalarini jalb etish mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Diplomatik korpus vakillari majmuadagi ishlab chiqarish maydonini ko‘zdan kechirdi, texnopark korxonalari tomonidan tayyorlanayotgan qurilish materiallari, maishiy texnika, lift va eskalator, suv nasosi, metall-konstruksiya, panel radiatori va boshqa mahsulotlar bilan tanishdi.
— Men Texnoparkka bir necha bor tashrif kelganman, — deydi Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna. — So‘nggi ikki yil ichida bu yerda Italiya kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yildi. Eng yirik loyiha, bilishimcha, gaz hisoblagich ishlab chiqarish. Ayni payt ushbu mahsulotni qo‘shni davlatlarga eksport qilish rejalashtirilmoqda. Umid qilamizki, hamkorlik yuqori sur’atda davom etadi.
[gallery-7563]
Majmuada joriy yildan boshlab gaz qozoni, bazaltdan issiqlik izolyatsiya materiallari, HPL-panel ishlab chiqarish, avtomatlashtirilgan logistika markazini ishga tushirish ham ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihalar amalga oshirilishi bilan 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi, eksport salohiyati oshib, ayni yo‘nalishdagi hamkor mamlakatlar soni 30 taga yetadi.
— Korxonalarda erishilayotgan yutuqlar meni hayratga soldi, – dedi Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner. – O‘ylaymanki, Texnoparkda hamkor kompaniyalar uchun ko‘plab qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. O‘zbekiston energiya tejamkorligini oshirishga intilmoqda va bu jarayonda maishiy texnika juda zarur bo‘ladi. Zero, energiya tejovchi uskunadan foydalangan har bir kishi zararli gaz miqdorini kamaytirishga hissa qo‘shadi.
Yevropalik hamkorlar Texnopark salohiyati va imkoniyatini yuqori baholab, O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamda uzoq muddatli hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
bugungi kunda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun samarali maydon vazifasini o‘tayotgan ushbu majmua 2019 yil Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik shaklida tashkil etilgan. Texnopark faoliyati yuqori texnologiyali, raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarish quvvatlari yaratishga yo‘naltirilgan.
Ulug‘bek Mahmirzayev, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA