Yevropa va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi yangi platforma ishga tushirildi
Bugun Yevropa Ittifoqi Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan "Connectivity Agenda Platform" platformasini ishga tushirdi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur tashabbus transport, energetika, raqamli bog‘liqlik va savdo sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Qora dengiz mintaqasi va Janubiy Kavkaz orqali mintaqalararo bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan erishilgan kelishuvlar doirasida strategik infratuzilma, transport tarmoqlari va chegara o‘tish nuqtalarini rivojlantirish uchun 2 milliard yevrogacha investitsiya jalb qilinishi kutilmoqda.
Platforma ishtirokchi davlatlar va hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirib, savdo jarayonlarini soddalashtirish hamda Transkaspiy transport yo‘lagining samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA