Yevropa Putin va Zelenskiyni bir davrada ko‘rmoqchi
Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Ukraina hamda Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara boshlanishini qo‘llab-quvvatladi. Londonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng e’lon qilingan qo‘shma bayonotda muzokara AQSH va Yevropa davlatlarining faol ishtirokida kechishi kerakligi ta’kidlandi. Tashabbusning asosiy maqsadi o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlikka yo‘l ochishdir.
Muzokarada Ukraina va Fransiya Prezidentlari Vladimir Zelenskiy va Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Germaniya Kansleri Fridrix Mers ishtirok etdi. Tomonlar mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish imkoniyatni muhokama qildi. Shuningdek, frontdagi mavjud aloqa chizig‘i ehtimoliy muzokara uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.
Avvalroq Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazish taklifini bergan. Kreml rahbari esa tinchlik kelishuvi bo‘yicha aniq asos paydo bo‘lmas ekan, bunday muloqotdan ma’no ko‘rmayotganini aytgan. Demak, bevosita uchrashuv taqdiri hozircha mavhum.
Yevropa yetakchilari Rossiyaning Ukraina shaharlariga qarata raketa va dron hujumini ham qoraladi. Ular havo mudofaasi imkoniyatini kengaytirish, yangi tutib qoluvchi raketalar ishlab chiqarish va ballistik tahdidga qarshi qo‘shma loyihalarni rivojlantirish zarurligiga urg‘u berdi. Kiyev G‘arbdan qo‘shimcha qurol-yaroq va o‘q-dori so‘rashda davom etyapti.
RF – Ukraina urushi beshinchi yilga qadam qo‘ygan bir payt diplomatik harakat yana faollashdi. Frontdagi vaziyat va tomonlar yondashuvi orasida sezilarli tafovut bor. Shu bois ehtimoliy muzokara natija berish-bermasligi hozircha noaniq.
Musulmon Ziyo, O‘zA