Yevropa Komissiyasi: Ukrainaliklar uchun vaqtincha himoya 2027-yil martigacha amal qiladi
Yevropa Komissiyasi Ukraina fuqarolari uchun vaqtincha himoya maqomi 2027-yil martigacha amalda bo‘lishini ma’lum qildi. Hozir keyin nima bo‘lishi muhokama qilinyapti.
YeK matbuot kotibi Markus Lammert brifingda “Harbiy yoshdagi ukrainalik erkaklar uchun vaqtincha himoya maqomi bekor qilinishi mumkinmi?”degan savolga javob berar ekan, shunday dedi: Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda sobitmiz. Oxirgi ikki yil Yevropa Ittifoqi maxsus hujjat asosida taxminan 4 million qochqinga boshpana berdi. Uning ta’kidlashicha, hozir YeIga a’zo davlatlar bilan keyingi qadamlar, jumladan qarorning amal qilish muddati tugagandan keyingi reja ko‘rib chiqilmoqda.
Lammert bu masala YeI ichki ishlar vazirlarining shu hafta bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishi kun tartibidan o‘rin olishini qo‘shimcha qildi. Ayni payt tayyorlanayotgan reja yoki ehtimoliy takliflar haqida esa ma’lumot berilmagan. Yevropa statistika boshqarmasi (Eurostat) ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 31-mart holatiga ko‘ra, urushdan qochgan qariyb 4,3 million ukrainalik YeI mamlakatlarida vaqtincha himoya ostida yashayapti. Ularning taxminan 44,7 foizi ayollar, 31,7 foizi bolalar, 23,6 foizi erkaklar. Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlangach, Yevropa Ittifoqi birinchi marta 2001-yil qabul qilingan Vaqtincha himoya direktivasini 2022-yil mart oyida faollashtirdi. Ushbu mexanizmga ko‘ra, ukrainaliklarga YeI mamlakatlarida yashash, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatidan foydalanish va ishlash imkoniyati beriladi. Shuningdek, ular ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi, uy-joy bilan ta’minlanadi, asosiy ehtiyoj uchun yordam oladi.
G.Sattorova, O‘zA