Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga qutlovlar kelishda davom etmoqda:
Muhtaram Prezident!
Tavallud kuningiz munosabati bilan Sizga o‘zimning eng samimiy tabriklarim va ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Shuningdek, tug‘ilgan kunim munosabati bilan yo‘llagan maktubingizdagi ezgu tilaklaringiz uchun chuqur minnatdorligimni bildirmoqchiman.
Fursatdan foydalanib, Samarqandda bo‘lib o‘tgan "Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" birinchi sammitining muvaffaqiyatini ta’minlashdagi hal qiluvchi rolingiz uchun Sizga o‘z minnatdorligimni bildirishga ijozat bergaysiz. Ushbu muhim sammit Xalqaro iqlim forumi bilan birgalikda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi strategik sheriklikda, O‘zbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama munosabatlarimizda yangi va muhim sahifa ochdi. Sizning rahbarligingizda bizga ko‘rsatilgan olijanob va e’tiborli mehmondo‘stlik barcha ishtirokchilar tomonidan yuksak baholandi hamda chinakam unutilmas va mazmunli Sammitning muvaffaqiyatli o‘tishiga xizmat qildi.
Endi kelajakka ishonch va shijoat bilan qarayapmiz. Yevropa Ittifoqining "Global darvoza" strategiyasi doirasida innovatsiyalar, "yashil" energetika, muhim materiallar, transport va logistika, raqamlashtirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va o‘zaro bog‘liqlik kabi ustuvor sohalarni qamrab olgan umumiy kun tartibi chuqur hamkorlik va fuqarolarimiz uchun sezilarli natijalarga mustahkam asos yaratadi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning ko‘p qirrali hamkorligi, ayniqsa, iqlim sohasidagi global maqsadlarni ilgari surish, mamlakatingizning barqaror rivojlanish va mintaqaviy muloqot masalalarida yetakchiligi uchun Yevropa Ittifoqi nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda yana bir muhim bosqichni boshlab beradigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash uchun Sizni Bryusselda qutlash imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqdaman. Ishonchim komilki, uchrashuvimiz strategik muloqotimizni davom ettirish, shuningdek, mushtarak qadriyatlar va umumiy maqsadlar asosiga qurilgan sheriklikni ilgari surish yo‘lida birgalikda ishlash uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Hurmat bilan,
Antoniu Koshta,
Yevropa Kengashi Prezidenti