Yevropa Ittifoqi maxsus vakillari bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Teri Xakala hamda YeIning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus elchisi Tomas Niklassonni qabul qildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi Afg‘oniston bo‘yicha munosabatning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi.
- O‘zbekiston qo‘shni, umumiy chegaraga ega mamlakat sifatida Afg‘onistondagi muammoni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi, - dedi Teri Xakala. - Mamlakat hukumati ushbu jarayonni har tomonlama faol qo‘llab-quvvatlayotganini e’tirof etish kerak. Ayniqsa, mintaqaviy xavfsizlik, Afg‘onistonga gumanitar yordam berishda Termiz muhim xab vazifasini bajaryapti.

Uchrashuvda ertaga, 23 fevral kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari maslahat uchrashuvining tashkiliy jihati va kun tartibidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Afg‘on inqirozini hal qilishda xalqaro hamjamiyatning yaxlit yondashuvini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Afg‘oniston masalasida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston bir xil qarashga ega, - dedi Tomas Niklasson. - Biz bu mamlakat inson huquqini ta’minlash masalasida oldinga siljishini, afg‘on fuqarolari o‘z yurtida xavfsiz yashashini xohlaymiz. Afg‘oniston tinch davlatga aylanishidan umidvormiz.

YeI vakillari O‘zbekistonning Termiz shahrida Afg‘onistonga insonparvarlik yordam yetkazilishini muvofiqlashtirishga qaratilgan xalqaro xab tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Turli darajadagi bo‘lajak ikki tomonlama va mintaqalararo tadbirlar jadvali bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi
G‘ayrat XONNAZAROV,O‘zA