Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi Surxondaryodda
Yevropa Ittifoqi Komissiyasi bo‘lim boshlig‘i S.Rinaldi boshchiligidagi delegatsiya Surxondaryo viloyatida bo‘lib, dastlab Termiz shahrida ayollar va aholining boshqa zaif qatlamlari uchun davlat xizmatlaridan foydalanishni ta’minlashda ko‘p tarmoqli uyg‘unlashgan yondoshuv, ayollar maslahat guruhining samarali ishlashi, Davlat xizmatlari agentligi va boshqa manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening mashg‘ulotida ishtirok etdi.
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, Yevropa Ittifoqi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqining mamlakatimimzdagi delegatsiyasi, Tashqi Ishlar vazirligi va Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan uch kunlik tadbirda mahalliy hokimlik, ijtimoiy xizmatlar boshqarmalari, bolalarni himoya qilish xizmatlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar, ayollar, yoshlar, nogironlar va aholining boshqa zaif qatlamlari bilan ishlaydigan tashkilotlar vakillari, jurnalistlar qatnashmoqda.
Mashg‘ulotlarning tantanali ochilish marosimida Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori U. Muhammadiyev, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sh. Adrian, Yevropa Ittifoqi Komissiyasi bo‘lim boshlig‘i S.Rinaldi va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar kuchli demokratik davlat barpo etib, odamlarning hayot darajasini yuksaltirishga xizmat qilayotganini alohida qayd etdi. So‘nggi yillarda yurtimizda davlat xizmatlari ko‘rsatishning ochiq, shaffof tizimi yaratilib, ayollar va aholi boshqa zaif qatlamlarining davlat xizmatlaridan foydalanishiga qaratilayotgan e’tibor ham bu borada muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
[gallery-4511]
O‘tgan to‘rt yilda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining mamlakatimiz hududidagi 207 tuman va shaharda markazlari tashkil etildi. Chekka va olis mahallalarda 141 ta filiali xizmat ko‘rsatishni boshladi. Bu jarayonda masofadan elektron xizmat ko‘rsatish samaradorligini yanada oshirish uchun BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqi hamkorligida yirik loyihalar amalga oshirilib, xalqaro tajribalar o‘rganilayotir.
Ayni paytda Surxondaryo viloyatining tuman va shaharlarida 15 ta davlat xizmatlari markazi va chekka hududlarda o‘nta filiali faoliyat yuritmoqda.
Olis hududlarda Davlat xizmatlari ko‘rsatishni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibordan juda xursand bo‘ldik, dedi Yevropa Ittifoqi Komissiyasi bo‘lim boshlig‘i S.Rinaldi.Bu yo‘nalishda ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarga sifatli xizmat ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bularning barchasi O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir. Yurtingizda agar ochiqlik bo‘lmasa, bu kabi tadbirlar o‘tkazilmas edi. Trening mashg‘ulotlarida ayollarning haq-huquqlarini ta’minlash, imkoniyatlarni yanada kengaytirish masalalari chuqur muhokama etilib, xorij tajribasi o‘rganilayotganidan mamnunmiz.
Tadbir yakunida Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori U. Muhammadiyevga ISO 09001-2015 xalqaro standarti sertifikati tantanali topshirildi.
Shu kuni delegatsiya a’zolari vohada qayta tashkil etilgan chekka Bandixon tumani davlat xizmatlari ko‘rsatish markazida bo‘lib, bu yerda xizmat ko‘rsatish sifati va aholiga yaratilgan zamonaviy qulayliklar bilan yaqindan tanishdi. Masofadan elektron xizmat ko‘rsatish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Yevropa Ittifoqi Komissiyasi bo‘lim boshlig‘i S.Rinaldining Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov bilan uchrashuvida Afg‘onistondagi vaziyat va viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr almashildi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada rivojlantirish, ayollarning haq-huquqlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarga munosib baho berildi.
Delegatsiya a’zolari ЎзбекистонАфғонистон chegarasidagi Xayraton ko‘prigi bilan tanishdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA