Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori Ulug‘bek Husainov Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar bilan uchrashdi.
Unda davlat organlari va tashkilotlarida natijaga asoslangan boshqaruv modelini joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Bu borada hududlarda pilot loyihalarni amalga oshirish, inson resurslari bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etishni Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyaviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Jumladan, davlat xizmatchilarini tanlash va joylashtirish, malakasini oshirish, lavozimda o‘stirish tizimi takomillashtiriladi.
Davlat xizmatchilari faoliyatining samaradorligini baholash tizimi va raqamli yechimlarni joriy etish, Yevropa Ittifoqining “samarali boshqaruv” dasturi doirasida xalqaro tajribalarni tatbiq etish, stajirovkalar tashkil etish, joylarda natijadorlikni ta’minlashga xizmat qiladigan pilot loyihalarni amalga oshirish maqsad qilinmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirib, kelgusida aniq amaliy loyihalar orqali hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
N.Abduraimova,
O‘zA