Tahlil
Shu paytga qadar O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi davlatlariga 3 ming turdagi mahsulotlarni imtiyozli tariflar asosida eksport qilib kelgan.
Ayni o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Bu ko‘rsatkichni yana ikki karra oshirish mumkinmi? Albatta, mumkin.
10 apreldan O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining Barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus preferensiyalar (GSP+) tizimi kuchga kirdi. O‘zbekiston mazkur tizimga benefitsiar mamlakat sifatida qabul qilindi.
Mutaxassislarning e’tirof etishicha, bu Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston munosabatlarida muhim bosqich bo‘ladi. O‘zaro muloqot, savdo almashinuvini yanada chuqurlashtirishga imkon yaratadi. Agar sodda qilib tushuntiradigan bo‘lsak, mamlakatimiz GSP+ dasturi ishtirokchisi sifatida endilikda 6 ming 200 turdagi mahsulotni bojxona bojisiz YeI hududiga eksport qilishi mumkin.
Umuman, O‘zbekistonning GSP+ga benefitsiar sifatida qabul qilinishi ijtimoiy-iqtisodiy va mehnat sohasidagi islohotlarni hamda izchil ijobiy rivojlanishni aks ettiradi. Bunga Prezidentimizning tashabbusi va bevosita rahbarligi ostida keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar tufayli erishilgani ayni haqiqat.
Xo‘sh, GSP+ dasturi va uning tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ahamiyati qay darajada?
Ma’lumki, ko‘hna qit’a juda katta bozor. Bu hududda yarim milliarddan ziyodroq aholi istiqomat qiladi. Bu esa 500 milliondan ortiq iste’molchi bor degani. Tahlillarga ko‘ra, 2020 yilda yevrohududdagi 28 mamlakat 1,9 trillion yevrolik mahsulot importini amalga oshirgan. Bundan ko‘rinadiki, savdo salohiyati juda ham yuqori.
Biroq Yevropa Ittifoqi mamlakatimizning eksport yo‘nalishi ro‘yxatida 7-o‘rinda turadi. O‘zbekiston GSP+ tizimidan foydalanish huquqini qo‘lga kiritgach esa Yevropa bozori uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi.
Dastlab GSP+ imtiyozlar tizimi va bu mexanizmning iqtisodiy ahamiyatiga to‘xtalsak. Ushbu dastur 1971 yilda Yevropa Ittifoqi tomonidan amaliyotga joriy etilgan. Shu kungacha faqat 8 ta davlat tizimga to‘liq a’zo bo‘lgan. Tahlillarga ko‘ra, 2018 yilda tizimga qo‘shilgan mamlakatlar Yevropa bozoriga 9,5 milliard yevrolik mahsulot eksport qilgan. Jumladan, Pokiston 5,8 milliard, Filippin 1,9 milliard, Shrilanka 1,3 milliard dollarlik mahsulotni bojxona to‘lovlarisiz olib kirgan.
GSP+ tizimining mohiyati rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqariladigan va rivojlanayotgan mamlakatlar tomonidan rivojlangan mamlakatlarga olib kiriladigan tovarlarning ayrim turlari uchun tarif stavkalarini pasaytirish yoki bekor qilishdan iborat.
Qayd etish kerak, so‘nggi yillarda O‘zbekiston tomonidan GSP+ tizimini tatbiq etish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi. Albatta, maqomga ega bo‘lishning ham o‘z shartlari bor. Bu, eng avvalo, islohotlar o‘tkazish, inson huquqlari, atrof-muhit muhofazasi kabi shartlarni o‘z ichiga oladi. Bir so‘z bilan aytganda, uzoq davom etadigan jarayon.
Ushbu maqomni olish uchun O‘zbekiston inson va mehnat huquqlariga oid 27 ta asosiy xalqaro konvensiyalarga rioya qilish, shu jumladan, paxta yig‘im-terimida bolalar va majburiy mehnatni yo‘q qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqaruv qoidalariga rioya qilish doirasida juda katta ishlarni amalga oshirdi.
Yevropa Ittifoqi nizomiga ko‘ra, tizimga kiruvchi mamlakatlarning arizasi 6 oy ichida ko‘rib chiqiladi. E’tiborli jihati, O‘zbekistonning arizasi Yevropa komissiyasi tomonidan muddatidan avval ma’qullandi. 2020 yilning 30 noyabr kuni O‘zbekistonning GSP+ dasturiga a’zo bo‘lish bo‘yicha yuborilgan arizasiga yevrokomissiya muddatidan oldin ijobiy qaror qabul qildi.
2021 yilning 10 apreli O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining Barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv maxsus preferensiyalar tizimi (GSP+) kuchga kirdi. Ochiq aytish kerak, O‘zbekistonning mazkur tizimga rasman qabul qilinishi mamlakatimiz tashqi iqtisodiyotida yangi tarixiy sahifa ochdi.
– Ushbu tizimga biz 9-davlat sifatida benefitsiar bo‘lib qabul qilinishimiz odatiy bir jarayonlarga qaraganda tezroq amalga oshirildi, – deydi Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov. – Buni biz har bir bosqichda kuzatdik. Ayrim hollarda bir hafta, besh kun bo‘lsa ham oldinroq qaror qabul qilindi. Buning negizida oxirgi 4 yil ichida rivojlangan munosabatlarning xarakteristikasi va sifati yotadi. Buning sababi esa oxirgi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan tub islohotlardir. Chunki, bu islohotlarga baho berilishi, islohotlarga o‘z hissasini qo‘shish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bizning juda katta hamkorimiz hisoblanadi. GSP+ tizimiga qo‘shilish jarayonida Yevropa Ittifoqi davlat organlari, yevrokomissiya, Kengashi vakillari va rahbarlari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zbekistonga bo‘lgan munosabat bugungi kunda mutlaqo o‘zgarganini e’tirof etishdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2-2,5 yil ichida yillik eksport kamida 2 milliard dollarga oshadi. Buning uchun qilinadigan ishlar, sa’y-harakatlar ko‘p. Mahsulotning sifatiga nisbatan munosabatimizning o‘zgarishi, Yevropa Ittifoqida tan olingan va qabul qilingan me’yorlar, talablar va standartlarni o‘zimizda ham joriy qilishga o‘xshagan choralarni ko‘rish lozim.
Davlatimiz rahbari tomonidan kambag‘allikni qisqartirish borasida tanlangan odilona yo‘l va oqilona siyosat sobitqadamlik bilan davom ettirilmoqda. Xorijlik ekspertlar ham O‘zbekistonning GSP+ dasturiga qo‘shilishi iqtisodiy yuksalishning yangi bosqichini boshlab beradi, deb hisoblashmoqda.
– Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston YeIning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori bo‘lib, mintaqada muhim rol o‘ynaydi. So‘nggi yillarda Yevropa va O‘zbekiston aloqalari yanada keng tus oldi. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, Yevropa komissiyasi O‘zbekistonga GSP+ benefitsiari maqomini berishi quvonchli voqea. O‘zbekiston tomoni 2020 yilning boshida ushbu maqomni olish bo‘yicha ish boshladi. 2020 yilning iyunida mamlakat ichidagi tasdiqlash jarayoni yakunlangach, O‘zbekiston Yevropa komissiyasiga rasmiy ariza topshirdi. O‘zbekistonning ushbu tizimga qo‘shilishi ikki tomonlama munosabatlarda muhim qadam bo‘ldi. Bu har ikki tomon manfaatlariga mos keladi, – deydi Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiya raisi Fulivio Martushello.
GSP+ tizimi O‘zbekistonga nimasi bilan qiziq? Undan mamlakatimiz qanday naf ko‘radi?
Ushbu dasturga qo‘shilish O‘zbekistonga katta imtiyozlar taqdim etadi. Eksport qilinadigan mahsulotlar turi ikki barobarga oshdi. Bu endilikda 6 ming 200 turdagi mahsulotni bojxona bojisiz YeI hududiga eksport qilish imoniyati demakdir. Bunda tabiiyki, iqtisodiy samaradorlik oshadi. Tahlil qilinadigan bo‘lsa, GSP+ tizimining a’zosi sifatida O‘zbekiston tizim qamrab olayotgan mahsulot liniyalarining uchdan ikki qismiga tariflarni to‘liq bekor qilish orqali standart GSP+ga nisbatan qo‘shimcha iqtisodiy imtiyozlarga ega bo‘ladi, bu esa, o‘z navbatida, eksport hajmining o‘sishiga va mamlakatga qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilinishiga xizmat qilishi mumkin.
O‘zbekistonda GSP+ doirasidagi imtiyozlardan foydalanish darajasi hozirgi kunda 87 foizni tashkil qiladi. Qisqartirilgan imtiyozlardan foydalanayotgan mahsulot segmentlari asosan to‘qimachilik va kiyim-kechak, plastmassa mahsulotlari, shuningdek, mevalar, yong‘oq va sabzavotlardir. Bu O‘zbekiston eksport tarkibining Markaziy Osiyodagi qo‘shnilariga qaraganda ancha xilma-xil ekanligini ko‘rsatadi.
GSP+ tizimi matolar, kiyim-kechak va plastik mahsulotlar kabi bir qator muhim eksport tovarlariga tariflar bekor qilinishi bois, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdoni ko‘paytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etadi.
GSP+ O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uchun qanday imkoniyatlarni taqdim etadi? Ekspertlarning dastlabki xulosalariga qaraganda, ushbu tizim yordamida to‘qimachilik mahsulotlarining Yevropa bozoriga eksporti hajmi bir yilda kamida 300 million dollardan oshadi.
– GSP+ tizimi taqdim etilib va joriy qilingandan so‘ng o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar o‘z mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilishda bir tomonlama tarif imtiyozlaridan foydalanishni boshlashi mumkin, – deydi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Vahobov. – Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilishlari mumkin bo‘lgan tovarlarning soni 6 ming 200 taga ko‘payadi. Tizim joriy qilingandan so‘ng Yevropa mamlakatlaridan O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati bilan hamkorlikka qiziqishi ortadi. Shuningdek, GSP+ maqomi o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari raqobatbardoshligini ham oshiradi. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 2020 yilda Yevropa bozoriga 120 ta korxona 74 million dollarlik mahsulot eksport qilgan. Joriy yil birinchi kvartalda 24 million dollar eksport qilindi. Bu oldingiga nisbatan 40 foiz yuqori degani. Lekin 2019 yilni tahlil qilganimizda ular 249 milliardlik tekstil mahsulotlarini eksport qilar ekan. Qarang, qanchalik imkoniyat ochilmoqda.
Bu tizim charm-poyabzal tarmog‘i rivojlanishiga ham muhim qadam bo‘ladi.
– Korxonamizda yiliga 200 mingdan ortiq, kuniga 2,5 ming juftdan ziyod poyabzal ishlab chiqariladi, – deydi tadbirkor Akramjon Shermatov. – Polshadagi “Barteg” degan katta poyabzal ishlab chiqaruvchi korxona bilan hamkorlik qilamiz. Avvallari biz ularga sotgan mahsulotimiz bojxona to‘lovlari borligi sababli narxida raqobatbardosh bo‘lmayotgan edi. Endilikda GSP+ dasturining bizga bergan afzalligi shunda bo‘lyaptiki, bizning mahsulotlar narxi Yevropa bozoriga 15 foiz arzon kirib boradi. Bu esa eksport imkoniyat va salohiyatimizni yanada oshiradi.
Shuningdek, yevrohudud meva-sabzavot mahsulotlari eksporti uchun juda qulay bozor. Misol uchun, ko‘p meva importini amalga oshiruvchi mamlakatlar ro‘yxatida Ispaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya, Niderlandiya va Belgiya yetakchilik qiladi. Ushbu tizim bilan endilikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropa bozoriga bojsiz eksport qilish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
GSP+ dasturi nafaqat eksport hajmini oshirish, balki zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahsulot sifatini ta’minlash, muxtasar aytganda, zamon talablariga moslashish uchun yana bir imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi.
Nurillo NASRIEV,
O‘zA