Tehronda O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Turkmaniston, Eron va Turkiya davlatlari temir yo‘l sohasi vakillari uchrashib, Yevrosiyo transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha muzokara olib bordi.
Muloqot davomida Xitoy – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa yo‘nalishi bo‘yicha samarali va barqaror transport yo‘lagi barpo etish masalasi diqqat markazida bo‘ldi.
Bunday hamkorlik nafaqat mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash, balki global logistika zanjirini mustahkamlash imkonini beradi. Masalan, joriy yil yanvar-aprel oylarida Qozog‘iston hududi orqali o‘tgan Xitoy – Eron yo‘nalishida konteyner tashuvi sur’ati 2,6 barobar oshgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar ayni yo‘nalishdagi sheriklikni yanada faollashtirish, logistika jarayonini muvofiqlashtirish, mintaqaviy yo‘laklarni xalqaro bozorlarga chiqish nuqtai nazaridan ilgari surish bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlarni jadallashtirishga kelishib oldi.
M.Sayfullayev, O‘zA