Yevroosiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda vakolatxona ochdi
Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeTB) Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasini rasman ochdi. Bankning O‘zbekistondagi faoliyati kengayishi doirasida 2031-yilga qadar mamlakat iqtisodiyotiga 1,5 milliard dollargacha investitsiya kiritish rejalashtirilgan.
Tadbirda ta’kidlanishicha, vakolatxona ochilishi O‘zbekistonning 2025-yilda Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lganidan keyingi muhim bosqich hisoblanadi. Bank vakillariga ko‘ra, mazkur qadam mamlakatda to‘laqonli investitsiyaviy faoliyatni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev YeTBning infratuzilma, eksportni qo‘llab-quvvatlash, moliya bozorini rivojlantirish hamda raqamli transformatsiya sohalaridagi tajribasi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
YeTB Boshqaruvi raisi Nikolay Podguzovning ma’lum qilishicha, bank 2031-yilgacha O‘zbekistonga 1,5 milliard dollargacha investitsiya yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Ushbu mablag‘larning katta qismi yuqori integratsiya salohiyatiga ega loyihalarni moliyalashtirishga sarflanadi.
Bank strategiyasi doirasida tog‘-kon sanoati, transport infratuzilmasi, raqamli texnologiyalar, suv xo‘jaligi va energetika yo‘nalishlari ustuvor etib belgilangan.
Shuningdek, bank tomonidan texnik ko‘maklashish jamg‘armasi va raqamli tashabbuslar jamg‘armasi orqali loyihalarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati mavjud ekani qayd etildi.
Yevroosiyo taraqqiyot banki 2006-yilda Rossiya va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilgan xalqaro moliyaviy institut hisoblanadi. Hozirda Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston ham bankning a’zolari qatoriga kiradi. Bankning bosh qarorgohi Olmaota shahrida joylashgan.
Yevroosiyo taraqqiyot banki vakolatxonasining Toshkentda ochilishi O‘zbekistonda investitsiya muhitini yanada jozibador qilish, yirik infratuzilma va texnologik loyihalarni moliyalashtirishga xalqaro kapitalni jalb etishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Sh.Mamaturopova,
ЎзА