Yetti oylik sarhisob: amаliyot va samara
Barcha mamlakatlar singari pandemiya mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligiga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda.
Barcha mamlakatlar singari pandemiya mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligiga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Pandemiya sababli kelib chiqayotgan salbiy taʼsirlarni oldini olish va yumshatish maqsadida hozirda mamlakatimizda bir qator tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu islohotlar esa oʻz navbatida bojxona organlari tizimida ham davom etmoqda. Pandemiya sharoitida bojxona xodimlari tomonidan eksport-import operatsiyalari tezkorlik bilan soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilmoqda. Respublikamiz chegara bojxona postlari orqali tovarlar harakati uzluksiz davom etmoqda.
Bu borada raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, joriy yilning oʻtgan 7 oyi mobaynida Buxoro viloyati tashqi savdo aylanmasi 458,1 million AQSH dollarni, bundan eksport – 130,6 million, import – 327,5 million AQSH dollarni tashkil etmoqda.
Tovarlar 30 ga yaqin davlatlarga eksport qilingan boʻlib, asosiy hamkor davlatlar Eron, Afgʻoniston, Rossiya, Turkiya, Xitoy va Tojikiston hisobiga toʻgʻri kelmoqda.
Eksport qilingan asosiy tovarlar: ip-kalava, paxta tolasi, neft va neft mahsulotlari, toʻqimachilik, oziq-ovkat va meva-sabzavot mahsulotlari hisobiga toʻgʻri kelmoqda.
Tovarlarning importiga toʻxtaladigan boʻlsak, jami 57 ga yaqin davlatlardan import qilinganligini koʻrishimiz mumkin. Bu tovarlarga asosiy: neft va neft maxsulotlari, mineral oʻgʻitlar, maishiy buyumlar, farmatsevtika maxsulotlari, gigiyena vositalari toʻgʻri keladi.
Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida yaratilgan qulayliklar tadbirkorlar tomonidan, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chetga eksport qiluvchi eksportyorlar tomonidan toʻla qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Aniq raqamlarga murojaat qilinganda, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida viloyat hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan 48 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari Rossiya, Qozogʻiston, Ukraina, Xitoy va Qirgʻiziston davlatlariga eksport qilingan.
Pandemiya davrida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash hamda ularga iqtisodiy koʻmak berish maqsadida, bojxona boshqarmasi tomonidan 2020-yilning oʻtgan davrida jami 721,5 milliard soʻm miqdorida bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar qoʻllanilgan.
Barchamizga maʼlumki, pandemiya davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarining toʻlov qobiliyati birmuncha sustlashdi. Shu maqsadda ularga tijorat banklari tomonidan kredit taʼtillari berish tartibi joriy etilgan edi. Endilikda ushbu tajriba bojxona toʻlovlarini toʻlash borasida ham amaliyotga tatbiq qilindi.
Prezidentimizning 2020-yil 18-maydagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” farmoniga asosan, tadbirkorlarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) importida qoʻshilgan qiymat soligʻini 120 kungacha kechiktirib toʻlash huquqi berildi.
Shu bilan birga, bojxona organlariga murojaat qilgan kungacha bir yildan kam boʻlmagan davrda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan mikrofirma va kichik korxonalarga tovarlarni (isteʼmol tovarlaridan tashqari) olib kirishda undiriladigan bojxona boji va aksiz soligʻini toʻlash muddatini 2020-yil 1-iyulgacha kechiktirish huquqi berildi. Bunda tadbirkor kechiktirilgan summani keyinchalik 120 kun mobaynida teng ulushlarda toʻlash imkoniga ega boʻladi.
Bugungi kunga qadar Buxoro viloyatida ushbu farmonga muvofiq, importyor korxonalarga jami 27,4 milliard soʻmdan ortiq bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlash imkoniyati berildi.
Bundan tashqari, respublika hududida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar taqchilligining oldini olish, shuningdek fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish hamda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-iyuldagi 449-sonli qarori bilan bir qator tibbiy vositalarga imtiyozlar berildi va ularning bojxona rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi.
Xususan, qarorga muvofiq, 2020-yil 1-oktyabrga qadar 84 turdagi tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazmasdan va majburiy sertifikatsiyalashtirilmasdan import qilinishiga;
46 turdagi dori vositalari import qilinganda va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganda ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazmasdan hamda 5 kunlik muddatda sertifikatlashtirish asosida bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish (import qilinganda) va realizatsiya qilishga ruxsat berildi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarning Oʻzbekistondan tashqariga olib chiqilishi 2020-yil 1-oktyabrga qadar vaqtinchalik toʻxtatildi.
Bunda, ayrim dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni eksport qilishga ruxsat Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Agentlikning koʻshma xulosasi asosida ruxsat berilishi belgilandi.
Shu bilan birga, aholi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish, bozorlarda mahsulotlar narxini mutanosibligini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur hujjatga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda 2020-yil 31-dekabrga qadar bojxona boji va aksiz soligʻining nol stavkalari belgilanadigan tovarlar roʻyxati tasdiqlandi. Ushbu tovarlar roʻyxatidan 20 turdagi mahsulotlar oʻrin olib, ular parranda goʻshti, baliq, shakar, piyoz va boshqa gigiyenik vositalardan iborat.
Bu kabi yengilliklar hamda qulayliklar davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-iyundagi “Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Ushbu farmon bilan 2020-yil 1-avgustdan temir yoʻl transporti tashkilotlari bojxona organlariga oʻzlarining axborot tizimlarini bojxona organlarining axborot tizimlariga integratsiyalash orqali bojxona nazorati ostidagi vagon va konteynerlarning mamlakat ichidagi harakatlari haqidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida taqdim etishi;
2020-yil 1-sentyabrdan, “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi chegara bojxona postlarida joriy etish;
2020-yil 1-noyabrdan boshlab bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kunga qisqartirilishi belgilab berildi.
Shuningdek, farmon bilan bojxona auditi hamda tashqi iqtisodiy faoliyatda notarif tartibga solishni nazorat qilish boʻyicha alohida tarkibiy tuzilmalar tashkil etildi.
Mazkur tuzilmalarni tashkil etish orqali bojxona organlari tomonidan shartli ravishda erkin muomalaga chiqarilgan tovarlar ustidan samarali nazoratni amalga oshirish, shuningdek, chegara oʻtkazish punktlaridagi davlat nazorati funksiyalarini soddalashtirish, samaradorligini oshirishga erishiladi.
Farmon ijrosini taʼminlash orqali quyidagi yutuqlarga erishiladi:
asosiy chegara oʻtkazish punktlarini kengaytirish va modernizatsiyalash orqali bojxona postlarining oʻtkazuvchanlik imkoniyatini 3 barobarga oshirish;
“Yagona darcha” bojxona axborot tizimining takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi uchun sarflanadigan vaqtni eksportda 5 barobarga, importda 2 barobarga qisqartirish;
Raqamli texnologiyalar va axborot tizimlarini bojxona organlari faoliyatiga keng joriy etish asosida inson omilisiz maʼlumotlarni olish hamda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini xalqaro norma va standartlarga muvofiq soddalashtirish;
Mamlakatimizning turizm va investitsiya jozibadorligini yana-da oshirishga imkon yaratadi.
Hozirgi kunda viloyat hududida joylashgan xalqaro maqomga ega “Olot” chegara bojxona posti tunu-kun toʻxtovsiz oʻz faoliyatini amalga oshirmoqda.
Chegara bojxona postlari orqali “koronavirus” kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida, Respublika maxsus komissiyasining 20-sonli yigʻilish bayoniga asosan, xalqaro yuk tashuvchi avtotransport vositalarini respublika hududiga kirib kelishi va harakatlanishining vaqtinchalik tartibi belgilandi.
Mazkur tartibga asosan, chegara bojxona posti orqali harakatlanayotgan har bir haydovchidan koronavirusga test tahlillari olinib, tahlil natijalariga koʻra tashuvni davom ettirishga ruxsat berilmoqda.
Maʼlumot uchun: “Olot” chegara bojxona posti orqali kirib kelayotgan avtotransport vositalari haydovchilari test natijalari chiqgunga qadar, post yaqinidagi kemping hududida kutib turmoqda.
Shuningdek, yangi tartibga asosan xorijiy yuk avtotransport vositalarining respublika hududida boʻlishining umumiy muddati 90 kundan 10 kunga qisqartirildi hamda ularning respublika hududi boʻylab harakatlanish marshrutlari va toʻxtash mumkin boʻlgan joylari aniq belgilab berildi.
Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, “Olot” chegara bojxona posti orqali 2020-yilning oʻtgan davrida jami 25 291 ta avtotransport vositasi (kirish 12 ming 224 ta, chiqish 13 067 ta) harakatlangan boʻlib, bulardan 16 ming 640 tasi yukli, 7 ming 879 tasi yuksiz va 772 tasi yengil avtotransport vositalari tashkil etmoqda.
Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida yuzaga keladigan muammolarni tezkorlik bilan hal etish va eksport, import qilinayotgan tovarlarga ruxsat beruvchi hujjatlarning berilishida TIF ishtirokchilariga yaqindan amaliy koʻmak berish maqsadida, boshqarmaning 2020-yil 24-martdagi 17-sonli buyrugʻi qabul qilindi.
Mazkur buyruqqa asosan, viloyat bojxona boshqarmasida “Oʻzstandart” agentligi, Davlat xafsizlik xizmati chegara qoʻshinlari, Transport va Sogʻliqni saqlash boshqarmalari xodimlaridan iborat tezkor shtab hamda “Call Center” tashkil qilinib, tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari yuzasidan 24 soat davomida tegishli maʼlumotlar berib borilmoqda.
Hozirgi kunga qadar, “Call Center” ga tadbirkorlik subyektlari va fuqarolardan jami 58 ta murojaatlar kelib tushdi. Mazkur murojaatlarga boshqarmaning masʼul boʻlim xodimlari va tegishli tashkilot vakillari tomonidan tushuntirishlar berilib, amaliy yordam koʻrsatildi.
Yuqoridagilardan tashqari, 2020-yil hisobidan qaytarib olib chiqish muddati tugaydigan xorijiy avtotransport vositalariga, istisno tariqasida yigʻimlar hisoblanmasdan hamda bojxona qoidalari buzilishi holatlari yuritilmasdan joriy yilning 1-sentyabriga qadar respublikadan olib chiqilishiga ruxsat berildi.
Bu borada viloyat bojxona boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan 200 dan ortiq fuqarolarning murojaatlari belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, avtotransport vositalarining Oʻzbekiston hududida boʻlish muddatlari uzaytirib berilmoqda.
Eslatma tariqasida Davlat bojxona qoʻmitasining 11-08 hamda viloyat bojxona boshqarmasining 221-60-00 raqamli ishonch telefonlari kunu-tun ishlamoqda, bojxona organlariga tegishli boʻlgan har qanday masala yuzasidan murojaatlaringiz boʻlsa shu raqamlarga telefon qilishingiz mumkin.
Shu fursatdan foydalanib viloyat bojxona boshqarmasi hodimlari davlatimizning iqtisodiy hafsizligini taminlashda bor kuch gʻayrati, imkoniyati va salohiyatini ishga solishini sizlarga maʼlum qilaman.
Hurmatli yurtdoshlar koʻrib turibsiz davlatimiz tomonidan yuzaga kelayotgan xar qanday muammoni zudlik bilan bartaraf qilish borasida tegishli choralar koʻrilmoqda.
Bu borada barchamiz birlashib, avvalo oʻzimizni va yaqinlarimizni himoya qilishga hamda karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilsakgina, natija boʻladi va bu ofatni yengamiz.
Doniyor SALIMOV,
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi