Yetakchi geograf olimlar Namanganda yig‘ildi
Namangan davlat universitetida O‘zbekiston geografiya jamiyati hamkorligida “Geografiya fani va raqamli iqtisodiyot: muammo va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ushbu nufuzli anjumanda mamlakatimizdagi universitet va ilmiy institutlarning 50 dan ziyod taniqli professor-olimi hamda yosh tadqiqotchilaridan tashqari Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston singari davlatlardan yetakchi olimlar ham ishtirok etdi.
Konferensiyada yuzga yaqin dolzarb, xususan, To‘xtag‘ul suv ombori ekspluatatsiyasining energetik rejimga o‘tkazilishi va uning Norin daryosi suv resurslaridan foydalanish samaradorligiga ta’siri; geografik axborot tizimlari yordamida raqamli landshaft kartalarini yaratish; ekologik turizm yashil iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim yo‘nalishi; XXI asrning uchinchi o‘n yilligi – geografiyani intellektuallashtirish davri; O‘zbekiston yaylov zonasining landshaft-meliorativ holati; ta’lim muassasalarida geografiya va ekologiya fanlarining o‘qitilishi kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.
Bugunga kelib axborot texnologiyalari orqali Yer sharida sodir bo‘layotgan tabiiy jarayonlarning hozirgi va kelajakdagi holatini prognoz qilish, ishlab chiqarish kuchlarini hududiy tashkil etish, sotsial jarayonlar va ekologik muammolar tahlili asosida optimal yechimlar ishlab chiqish imkoniyati yanada kengaydi. Qolaversa, elektron kartalar yaratish orqali ta’lim, tibbiyot, harbiy soha, kadastr jabhalarida yuqori samaradorlikka erishilmoqda.
Ilmiy ma’ruzalarda zamonaviy geografik tadqiqotlarda raqamlashtirish masalalari va raqamli iqtisodiyot, tabiiy geografik va landshaft-ekologik tadqiqotlar, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va innovatsion rivojlanish muammolarini hal etishdagi roli, zamonaviy urbanizatsiya, demografik va migratsion jarayonlarni tadqiq etish, global va mintaqaviy o‘zgarishlar sharoitida raqamli iqtisodiyotdan foydalanishning jihatlari hamda zamonaviy geografiya ta’limining dolzarb masalalari tahlil etildi.
Shu’balarga bo‘lingan holda davom etttirilgan anjuman muhokamalari jarayonida geografiya fani oldida turgan dolzarb masalalarning ijobiy yechimini topishga qaratilgan va yurtimizdagi mavjud muammolar bartaraf etilishiga yo‘naltirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Mazkur anjuman geografiya fanining rivojiga, sohadagi global va mahalliy muammolarni hal etish omillarining kengayishiga va bu boradagi xalqaro hamkorlik natijalari bo‘yicha yanada yuqori samaradorlikka xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.