Qonunchilikda yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun javobgarlik belgilangan. Hududlarda yer va kadastr nazorati tadbirlari kuchaytirilgan tartibda amalga oshirilmoqda.
Zamonaviy texnologiyalar, kosmik suratlar va ellikga yaqin dronlar yordamida yurtimiz bo‘ylab yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, noqonuniy qurilmalar qurish holatlari aniqlanmoqda. Xo‘sh, bugungi kunda Farg‘ona viloyatida bu borada qanday ishlar olib borilmoqda?
Kadastr agentligi yer va kadastr nazorati boshqarmasi boshlig‘i Murod Fayzullayev, Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Mashrapov joylarda jarayon bilan tanishdi.
Farg‘ona shahar Baxayr massivida joylashgan qishloq xo‘jaligi xaritasining 56-sonli konturida joylashgan yer maydonidan fuqaro 800 kvadrat metr yer maydonini huquqiy hujjatlarsiz egallab, ushbu yer maydoniga turar joy bino inshootlarini qurib olganligi holati aniqlangan.
–Bu haqda tegishli ogohlantirish xatlari berib, dalolatnomalar rasmiylashtirganmiz,–deydi Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi Farg‘ona shahar bo‘limi bosh inspektori Halimjon G‘ofurov. –Ogohlantirish xatlaridan keyin ham fuqaro tomonidan qurilish ishlari davom ettirilganidan keyin prokuratura organlariga tegishli qo‘shma tartib asosida material chiqarildi. Shundan so‘ng noqonuniy qurilmani buzdirish bo‘yicha sudga da’vo ariza bilan murojaat qilganmiz. Hozir mazkur yer qonunbuzilish holati bartaraf etildi.
Quva tumani Dehqonobod massivi hududidagi tadbirlar davomida ham yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy qurilmalar qurib olish holatlari aniqlandi. Jumladan, 400 kvadrat metr yer maydoniga fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan hech qanday hujjatlarsiz qurilma qurib olingan. Ushbu noqonuniy holat bo‘yicha fuqaroga ogohlantirish berildi. Fuqaro ushbu ogohlantirishni to‘g‘ri tushunib, noqonuniy binoni buzib tashladi.
Ayni kunlarda shahar va tumanlarda shunday holatlarning oldini olish bo‘yicha tadbirlar davom etmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri