
Kadastr agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasining matbuot anjumanida o‘tgan yili vohada 1 ming 674 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani ma’lum qilindi.
Nazoratchilar yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik, yerga oid qonunbuzilish holatlarining oldini olish yuzasidan o‘tkazgan tadbirlarda 1 ming 388 holatda 1 ming 515 gektar qishloq xo‘jaligi yerlarida, 1 ming 528 ta holatda 55,5 gektar aholi punkti yerlarida, 386 holatda 16 gektar sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan maydonlarda, ikki holatda 0,1 gektar tabiatni muhofaza qilishga mo‘ljallangan yerlarda, olti holatda 0,50 gektar tarixiy-madaniy ahamiyatga ega yerlarda, 852 holatda 86 gektar o‘rmon suv va zaxira yerlarda qonunbuzilishlarga duch kelgan.
[gallery-21538]
Umummilliy boylikka g‘ayriqonuniy munosabatda bo‘lgan huquqbuzarlarga 4 ming 162 ta yozma ko‘rsatma yuborilib, 2 ming 781 tasi yoki 508 gektar yerning qonunbuzilish holati ixtiyoriy bartaraf etilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga muvofiq jami 2 ming 123 nafar shaxsga ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan.
– Viloyatda 2 million 9 ming 911 gektar yer maydoni mavjud bo‘lsada, uning atigi 238 ming 500 gektari yoki umumiy yerning 11 foizi sug‘oriladigan ekin maydonlaridir, – deydi Kadastr agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Menglimamat Abdirahmonov. –Bu boylikka amaldagi qonunchilik doirasida munosabatda bo‘lishni hayotning o‘zi talab etmoqda. Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga, tavakkalchilik asosida qurilish ishlarini amalga oshirishga bo‘lgan urinishlar bilan aslo murosa qilib bo‘lmaydi. Bunday holatlar huquqbuzarni javobgarlikka yetaklaydi. Bu kabi ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish uchun yerlarni avaylab-asrash faqat kadastr sohasi xodimlarining emas, balki keng jamoatchilik burchi bo‘lishi kerak.
Matbuot anjumanida, shuningdek, yerlardan maqsadsiz foydalanish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk va ijara hududi asosida elektron onlayn auksion orqali sotish, bino va inshootlar davlat kadastrini yuritish, yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan ishlash haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Yalpi xatlov, respublika ayerogeodeziya markazi Surxondaryo hududlararo bo‘linmasi amalga oshirgan va xo‘jalik hisobidan bajarilgan ishlar to‘g‘risida fikr almashildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA muxbirlari