Atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish konstitutsiyaviy majburiyatimizdir.
Tabiatni, yerni asrash, ekologiya musaffoligini muhofaza etish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biriga aylangan. Chunki butun dunyoda ekologik muammolar eng ustuvor darajaga yetdi. Ekologik muammolar, o‘z navbatida, inson salomatligi va genofondiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shundan kelib chiqib, yurtimizda tabiiy hududlarni saqlab qolish, ularni qayta tiklash, ekologik muhitni yaxshilash, o‘simlik dunyosini ko‘paytirish va rivojlantirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan butun mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi hayotga tatbiq etildi. Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga muddatsiz davrga moratoriy e’lon qilindi hamda ularni noqonuniy kesganlik yuzasidan ta’sirchan choralar belgilandi.
Bu borada yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 62-moddasida ham fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majbur ekanliklari mustahkamlab qo‘yildi.
Darhaqiqat, atrof-muhitni asrab-avaylash, ekologiyaga ziyon yetkazmaslik har bir insonning ona tabiat oldidagi burchi va vazifasidir. Ma’lumki, butun Yer yuzida, shu jumladan O‘zbekistonda ham aholi soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu esa insoniyatning atrof tabiiy muhitga, tabiatga, yer va tuproqqa bo‘lgan munosabatini yanada yaxshilashni taqozo etadi. Zero, har bir inson o‘zi yashayotgan hududning, hovlisi, mahallasi, ko‘cha-ko‘y, ishxonasi, yo‘l atroflari va boshqa joylarning tozaligi, obodonligiga bee’tibor bo‘lmasa, yashillikni asrab-avaylasa, chiqindilarni yon-atrofga tashlab yubormasa, atrof muhitning tabiiyligini saqlashga hissa qo‘shgan bo‘ladi.
Afsuski, ko‘p hollarda oddiygina tozalikni saqlashga ham e’tiborsiz bo‘lamiz. To‘g‘ri kelgan joyga piyoda holda yoxud transportda bo‘lsin, chiqindilarni tashlab ketishga o‘rganganmiz. Ayniqsa, suv havzalarida, chiroyli tabiat qo‘ynida ham suvning, tabiatning ifloslanishi haqida, tabiat boyliklariga ziyon yetkazmaslik haqida o‘ylab o‘tirmaymiz...
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonuni 12-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi aholisi tabiiy resurslardan oqilona foydalanishi, tabiat boyliklariga ehtiyotlik bilan munosabatda bo‘lishi, ekologiya talablariga rioya etishi shart. Demak, tabiatni asrash, uning resurslaridan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lish har birimizning qonuniy majburiyatlarimiz sirasiga kiradi.
Atrof tabiiy muhitni asrash bo‘yicha majburiyatlarga hamda yer va tuproqdan foydalanish bo‘yicha belgilangan talablarga rioya qilmaslik, albatta, javobsiz qolmaydi. Avvalo, buning uchun tabiatning o‘zi insondan intiqom olishi tobora anglab yetayotgan haqiqatimizdir. Bundan tashqari, qonunchiligimizda ham javobgarlik belgilangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 65-moddasida birgina yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga tushirishga oid holatlar bo‘yicha jarimalar o‘z aksini topgan.
Unga ko‘ra, yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish, ob’ektlar qurish paytida unumdor qatlamni olmaslik, yer maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish, yerlarni foydalanishdan chiqarishga, hosildorlik pasayishiga, tuproqning buzilishi yoki yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladigan boshqa harakatlarni sodir etish, shuningdek, tanazzulga yuz tutgan qishloq xo‘jaligi yerlarini konservatsiyalashning belgilangan tartibini buzish kabi holatlar fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, ayni shu moddada belgilanganidek, qishloq xo‘jaligi va boshqa yerlarni yaroqsiz holga tushirish, ularni ishlab chiqarish chiqitlari va boshqa chiqindilar, kimyoviy va radioaktiv moddalar hamda oqova suvlar bilan ifloslantirish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Barchamizga ma’lumki, so‘nggi yillarda shaharu qishloqlarimizda qurilish-bunyodkorlik ishlari keskin ko‘paydi. Bu, albatta, bugungi davr talabi, insoniyat ehtiyoji. Ammo qurilish ishlarini olib borish davomida shaharsozlik talablariga rioya qilish, atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish lozim bo‘ladi.
Shu o‘rinda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlarining tahlil natijalarini keltirsak. Gap shundaki, ular tomonidan shu yil O‘zbekistonda shaharlarning kengayishi hamda uning atrof-muhitga ta’siri tahlil qilingan edi. Ushbu tahlillarga ko‘ra, qurilish ishlarining jadallashuvi natijasida yashillik darajasi 2022 yilda 2017 yilga nisbatan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 26 foiz, Yakkasaroy tumanida 23 foiz, Olmazor tumanida 33 foiz, Mirzo Ulug‘bek tumanida 18 foizga qisqargan. Bunday holatni respublikaning boshqa hududlari misolida ham kuzatish mumkin. Masalan, tahlil davrida Buxoro shahrining markaziy qismida yashillik darajasi 37 foizga qisqargan. Bundan ko‘rinadiki, qurilish ishlari natijasida ham tabiatga, yashillikka zarar yetkazilgan.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozim, atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish borasidagi konstitutsiyaviy majburiyatlarimiz, burchlarimiz hayotimiz davomida ko‘z oldimizda gavdalanishi, ongimizda, qalbimizda, amalimizda bo‘y ko‘rsatishi lozim. Tabiatga, ekologiyaga nisbatan hamisha mehr ko‘zi bilan qarash, borliqni bor holicha asrab-avaylash va kelajak avlodga bezavol yetkazish har birimizning vazifamiz ekanligini unutmaylik.
Muhtarama Komilova, O‘zA