Yer – qonun bilan himoyalanadigan davlat mulki, millatimiz boyligi, to‘kin, farovon hayotimiz manbai. Uni g‘ayriqonuniy egallab olgan shaxslar uchun qat’iy javobgarlik belgilangan. Afsuski, soha mutaxassislari bu haqda keng qamrovli targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borayotgan bo‘lsa-da, yer bilan bog‘liq sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga hamon duch kelinayotgani sir emas.
Mamlakatimizda keyingi yillarda yerga oid qonunbuzilishlarni nazorat qilib, huquqbuzarliklarning oldini olish uchun barcha sharoit yaratilayotir. Endilikda shahar yoki olis qishloqda, tog‘li hudud yo keng adirlikda yerdan qanday foydalanilayotgani, turli maqsadlarda o‘zboshimchalik bilan egallab olinayotgani o‘zi uchar dronlar yordamida aniqlanmoqda.
Kadastr agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari yilning o‘tgan davrida olib borgan nazorat tadbirlari chog‘ida hududlarda mingdan ortiq huquqbuzarlikka duch keldi. Bu qonunbuzilishlarning asosiy qismi jismoniy shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lib, 771 holatda huquqbuzarlarga 4 milliard 670 million so‘m jarima chorasi qo‘llanildi.
Yer to‘g‘risidagi qonunchiligimizda yerdan ilmiy asoslangan holda oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, tuproq unumdorligini tiklash va oshirish, tabiiy muhitni asrash va yaxshilash, xo‘jalik yuritishning barcha shakllarini teng huquqlilik asosida rivojlantirish uchun sharoit yaratish, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, undan hozirgi va kelajak avlodlar samarali foydalanishini ta’minlash kabi maqsadlar belgilanib, yer bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solingan.
– Mamlakatimizda yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibi joriy etilgan bo‘lsa-da, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda huquqbuzarliklar sodir etilayotgani bilan murosa qilib bo‘lmaydi, – deydi Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi axborot xizmati rahbari Behruzbek Safarov. – Mutaxassislarimiz yaqin kunlarda Denov, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, Bandixon, Sherobod, Jarqo‘rg‘on tumanlarida dronlar yordamida yer nazorati tadbirlarini amalga oshirganida 20 dan ortiq huquqbuzarlikni aniqladi.
Masalan, fuqaro Xadicha Beknazarova Sherobod tumani Ko‘hitang massividagi G‘oz qishlog‘i hududidan "KO'HITANG YAYLOVI" ishlab chiqarish korxonasiga ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi xaritasining 1670 q-dala konturidan 0,005 gektar lalmi yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, 50 kvadrat metr hajmda molxona binosi qurgani aniqlandi.
Shu tumanda yashovchi Oybek Fozilov Ko‘hitang massivining Uchyog‘och mahallasi hududidan tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan qishloq xo‘jaligi xaritasining 988q-dala konturidan 68 kvadrat metr qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab, sement qadoqlaydigan omborxona barpo etgani ma’lum bo‘ldi. Nishon Jumayev esa Ko‘hitang massividagi Qorabog‘ mahallasi hududidan tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan qishloq xo‘jaligi xaritasining 1054q-dala konturidan 0,0086 gektar yaylov yerni noqonuniy egallagan holda 84 kvadrat-metr maydonga turarjoy qurish uchun poydevor tashlab, paxsa devor qurishni boshlaganida nazoratchilar e’tiboriga tushib qoldi.
Tumanning chekka hududida yerga munosabatda o‘zboshimchalik bilan ish tutgan barcha huquqbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 60-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 90, 91, 911-moddalari talablari tushuntirildi. Yerga oid qonunbuzilish oqibatlarini 15 kun muddatda ixtiyoriy bartaraf etish to‘g‘risida yozma ko‘rsatma berildi.
Kadastr agentligi Bandixon tuman bo‘limi nazoratchilari o‘tkazgan monitoringda Farovon mahallasida yashovchi Kamoliddin Muratov, Erkin Ibragimovlarning yerga oid qonunchilik talablarini buzganiga duch keldi. K.Muratov tuman hokimligi zaxirasidagi aholi punktiga qarashli 166v-konturdan 0,01 gektar yerni o‘zboshimchalik bilan egallab, 10x5 kvadrat metr hajmda, E. Ibragimov shu konturdagi 0,01 gektar yer maydonini qonunga zid ravishda egallab olib, 8x6 kvadrat metr hajmda molxona binosi qurgani va foydalanib kelayotgani aniqlandi.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi Yuksalish mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar mahalla hududidagi tuman hokimligi zaxirasida turgan yer maydonida o‘zboshimchalik bilan beton g‘ishtdan poydevor qurgani va yashash uyi qurish uchun tosh- qum to‘kishgani ham dron yordamida ilg‘ab qolindi. Bu holat bo‘yicha Kadastr agentligi Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi nazoratchilari MJtKning 60-moddasining tegishli qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, huquqbuzarlarga ogohlantirish xati berdi.
– Bunday misollarni yana keltirish mumkin, – deydi Behruzbek Safarov. – Viloyat hududida yer nazorati tadbirlari dronlar yordamida amalga oshirilayotgani huquqbuzarliklarning tezkor oldini olishda muhim omil bo‘lmoqda. Qonunbuzilish holatlariga bir yo‘la kosmik suratlarni taqqoslash orqali oydinlik kiritilib, yer munosabatlari tartibga solinmoqda.
Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishi ta’minlanib, uning oqibatlari belgilangan muddatda bartaraf etilsa, huquqbuzar javobgarlikdan ozod etiladi. Bu talab bajarilmasa, umummilliy boylikka keltirilgan zararning javobgarligi qattiq bo‘ladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri