Yerdan samarali foydalanish – dolzarb vazifa
Poytaxtimizda “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi tomonidan yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer tuzish va yerlarning monitoringini tashkil qilish, tuproq unumdorligini oshirish, sho‘rlanishni kamaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Poytaxtimizda “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi tomonidan yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer tuzish va yerlarning monitoringini tashkil qilish, tuproq unumdorligini oshirish, sho‘rlanishni kamaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.“Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari T.Abdullayev va boshqalar yer iqtisodiyotning barcha tarmoqlari hamda qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirishning asosiy manbai ekani, undan samarali foydalanish mamlakatimiz obodligi va farovonligiga xizmat qilishini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan yer resurslaridan oqilona foydalanish va davlat kadastrlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani bunda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yer kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq yer resurslaridan oqilona foydalanish, bu borada yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilayotir. Joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan monitoringda 2 ming 604 qonunbuzilish holati aniqlanib, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilot va korxonalar, fermer xo‘jaliklari rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar kiritildi.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 19-apreldagi “2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohadagi yumushlar ko‘lamini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Qarorga ko‘ra, 2014-yilda Sirdaryo viloyatidagi sug‘oriladigan maydonlarning sho‘rlanish darajasini aniqlash va xaritaga tushirish ishlari bajarildi. Joriy yilda Qashqadaryo viloyatida 137,2 ming, Jizzaxda 210,8 ming, Navoiyda 96,8 ming hamda Xorazm viloyatida 217,2 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning sho‘rlanish darajasi, sho‘r yuvish me’yorlari va muddati aniqlanib, xaritaga tushirilmoqda.
Asosiy maqsad sho‘rlangan va sho‘rlanishga moyil yerlarning meliorativ holatini, tuproqdagi tuz zaxirasini aniqlash hamda uning oldini olishdir. Bu esa fermer xo‘jaliklari va boshqa yerdan foydalanuvchilarga zarur tavsiyalar berishda qo‘l keladi.
Qo‘mita va uning quyi tizim tashkilotlari yerlardan samarali, oqilona va belgilangan maqsadlarda foydalanishni tashkil qilish, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarning mavjud qonunchilikka rioya etishini ta’minlash hamda qonunbuzilishlarning oldini olish uchun tegishli idoralar bilan hamkorlikda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Anjumanda bunday ishlardan ko‘zlangan maqsad fuqarolarni qonunlar va ko‘chmas mulk hujjatlarini rasmiylashtirish tartib-qoidalari bilan yaqindan tanishtirish, uy-joy oldi-sotdisi bilan bog‘liq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy jarayonlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish ekanligi qayd etildi. Davlat kadastrlari yagona tizimini yaratish jarayonida sohaga axborot-kommunikatsiya va geoaxborot texnologiyalari, interfaol davlat xizmatlari bosqichma-bosqich tatbiq etilayotgani ta’kidlandi.
Jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob berdi.