Yer umummilliy boylik hisoblanib, eng muhim tabiiy resurslardan biridir. Shu sababli yerdan oqilona foydalanish, samarali va belgilangan maqsadda ishlatish zarur.
Kadastr agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek, yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 11 oyi davomida 2 ming 701 ta holatda jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
– Aniqlangan ma’muriy huquqbuzarliklarning 2 ming 250 tasida 4 milliard 764 million so‘mdan ortiq jarima jazosi qo‘llanilgan, – deydi Kadastr agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Nishonov. – Bunda Navbahor tumanida 419 ta, Xatirchi tumanida 393 ta va Qiziltepa tumanida 360 ta holatda qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilgan.
Shuningdek, 451 holatda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bu birinchi marta sodir etilganligi, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasini qaytarganligi, egallab olish oqibatlarini bartaraf etganligi uchun ma’muriy javobgarlik ishi tugatilgan va jazodan ozod etilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA