Yerdan foydalanish tartibi qat’iy nazoratda
Milliy matbuot markazida Toshkent viloyatida 2022 yili yer nazorati bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, galdagi vazifalar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarma boshlig‘i Rustam Payziyev va Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarma boshlig‘i Jasur Ahrorov tizimda amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Qayd etilganidek, yer qonun buzilishi bo‘yicha Toshkent viloyati hududida 2 ming 204 ta holatda 637 gektar borligi aniqlangan. Jumladan, sudga kiritilgan da’vo arizalar – 707 ta (81 gektar), prokuratura organlariga yuborilgan ma’lumotlar – 249 ta (151 gektar). Ma’muriy jarima qo‘llash holatlari 2 ming 634 ta. Shundan qo‘llanilgan jarimalar 14 milliard so‘m, undirilgani esa 3 milliard 747 million so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, 115 ta yerlardan samarasiz foydalanish holatlari ham fosh etildi.
[gallery-11229]
2023 yilda esa yer qonunchiligiga rioya etilishi ahvolini o‘rganish va yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash hamda noqonuniy qurilmalarni bartaraf qilish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, viloyatning barcha hududlarida yer nazorati tadbirlari amalga oshirilyapti.
Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan sohadagi korrupsiyaviy holatlar, viloyatda elektron auksionga qo‘yilayotgan yerlar bo‘yicha savollarga atroflicha javob berildi. Jumladan, xodimlarning korrupsiyaviy xatti-harakatlariga oid murojaatlar soni – 11 tani tashkil etgan. Ushbu ma’lumotlar Bo‘stonliq, Qibray, Piskent, Ohangaron, O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlari, Angren, Ohangaron, Olmaliq, Yangiyo‘l va Nurafshon shahar filiallarida ishlovchi xodimlarga nisbatan olingan. Kelib tushgan 11 ta murojaatdan 5 tasi tasdig‘ini topmagan yoki rad etilgan, 6 tasi yuzasidan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
A. Musayev, D.Ernazarov (surat), O‘zA.