Yer yuzining sayqali bayrami
Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida "Samarqand shahar kuni" munosabati bilan bayram tadbirlari o‘tkazildi.
Bundan 30 yil avval – 1996-yil 18-oktabr kuni Samarqand shahrida buyuk jahongir Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan sohibqiron haykali o‘rnatilgan va bu sana “Samarqand shahri kuni” deb belgilangan edi. O‘sha kuni qadimiy va hamisha navqiron shaharga birinchi raqamli “Amir Temur” ordeni berilgandi. Shundan buyon samarqandliklar bu sanani keng nishonlab kelmoqda.
An’anaga muvofiq, dastlab Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev boshchiligida viloyat va shahar hokimliklari, keng jamoatchilik vakillari Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi. So‘ngra buyuk jahongir haykali poyiga gullar qo‘yildi.
– Uch ming yillik tarixga ega shahrimizda bayramlar, muhim sanalar ko‘p bo‘lsa-da, 18-oktabr alohida ahamiyatga ega kun hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi, Samarqand shahrining sobiq hokimi Suhrob Rafiqov. – Bu kun Samarqandning o‘tmishi va buguniga nazar tashlanib, kelajagi haqida o‘ylanadi, uni yanada obod qilish, taraqqiy ettirish bo‘yicha maqsad va rejalar belgilanadi. Shu sababli har yili shahar bayramiga alohida tayyorgarlik ko‘riladi. Bu yilgi sana shahar hududi kengayib, yangi aholi maskanlari qo‘shilib borayotgan sharoitda nishonlanmoqda. Qolaversa, ertadan Samarqandda yana bir qator xalqaro siyosiy muloqotlar, forum va anjumanlar boshlanmoqda. Bu tadbirlar Samarqandning yer yuzining sayqali sifatidagi nufuzi va ahamiyatini yanada oshiradi.
[gallery-32014]
Shahar kuni munosabati bilan Samarqandda bir qator yangi ob’ektlar foydalanishga topshirilmoqda. Bugun va ertaga shahardagi madaniyat va istirohat bog‘lari, xiyobonlarda madaniy dasturlar, konsert tomoshalari namoyish etiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari