Yer va uylarga egalik huquqi e’tirof etilmoqda
“O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini ta’minlash borasida adliya va kadastr idoralari tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining navbatdagi to‘qqizinchi sessiyasida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlar hamda ularda qurilgan inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish haqidagi masala atroflicha ko‘rib chiqildi. Deputatlar ishtirokidagi keng muhokamalardan so‘ng Namangan tumanida istiqomat qiluvchi olti nafar, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi 11 nafar, jami 17 kishining yakka tartibdagi uy-joylariga va yer uchastkalariga nisbatan huquqlarini e’tirof etish bo‘yicha xalq deputatlari Namangan viloyat Kengashining qarori qabul qilindi.


– Egalik huquqlarini e’tirof etish natijasida fuqarolar va tadbirkorlarning mulklari qonuniylashtiriladi hamda fuqarolar o‘rtasidagi mulkiy nizolar, shu jumladan, meros bilan bog‘liq muammolarga yechim topiladi. Qolaversa, hududlarni rivojlantirish bilan bog‘liq hujjatlarni ishlab chiqishdagi kamchiliklar kamayadi. Eng muhimi shundaki, aholining kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qonun ijrosi adliya boshqarmasi tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, kelgusida ham viloyatning barcha shahar, tumanlarida 280 nafardan ortiq kadastr xodimi tomonidan “E’tirof” dasturi bo‘yicha reja-grafik jadvali asosida huquqlarni e’tirof etish ishlari davom etmoqda, – deydi Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ulug‘bek Ismatullayev.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/afBXjzdLLfQ" title="Yer va uylarga egalik huquqi eʼtirof etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>E’tiborlisi, xatlov natijalari bilan shaffof tarzda etirof.kadastr.uz saytiga kirib dasturdagi barcha jarayonlar bilan tanishish mumkin.
Oqilxon Dadaboyev, (video,surat), O‘zA