Yer sotgan mansabdor shaxslar qamaldi
Prezidentimizning 2022 yil 21 fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida o‘tgan yilda 44 ta tekshirish o‘tkazildi va 439 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi.
Xususan, 235 ta g‘ayriqonuniy hujjatlar prokuror protestlari asosida bekor qilindi. Qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ygan 111 nafar mansabdor shaxs intizomiy, ma’muriy va moddiy javobgarlikka tortildi. Yer to‘g‘risida va boshqa qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan sudlarga 23 ta da’vo arizalari kiritilib, qo‘pol qonun buzilishlar yuzasidan 21 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Misol uchun, Xovos tumani hokimi qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.B. va boshqa mansabdor shaxslar 5 ta holatda 24,5 gektar sug‘oriladigan yer maydonlarini talon-taroj qilish va bunga yo‘l qo‘yib berish bilan bog‘liq jinoiy harakatlarni sodir etib, davlat va jamoat manfaatlariga 9 milliard 921,7 million so‘mlik miqdorda zarar yetkazgan.
Sayxunobod tumani hokimligi mansabdor shaxslari tuman hokimi qarorini soxtalashtirib, 3 gektar yerni moddiy manfaat evaziga o‘zlariga tanish fuqarolarga yer uchastkasi sifatida bo‘lib berib, davlat manfaatlariga qariyb 900 million so‘m zarar yetkazgan. Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi Sayxunobod tumani hokimligi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Tergov natijasiga ko‘ra, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan JIB Xovos tumani sudiga yuborilgan. Har ikki holat bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tdi va Xovos tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.B.va Sayxunobod tuman Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i M.Kga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sh.Suyarov,O‘zA