Yer sho‘rini yuvish ishlari qizg‘in pallada
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 aprelda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning sho‘rini yuvish ishlarini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan. Qarorda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati, suv ta’minotini yaxshilash, mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish lozimligi ta’kidlangan.
Qaror ijrosini ta’minlash borasida Sirdaryo viloyatida ham 2023 yil hosili uchun yer tayyorlash, sho‘r yuvish ishlari amalga oshirilmoqda.

Viloyatning klasterlar va ilg‘or fermer xo‘jaligi dalalarida muntazam ko‘rgazmali amaliy seminarlar bo‘lib o‘tmoqda. Unda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, viloyat meliorativ ekspeditsiyasi boshqarmalari rahbar xodimlari, hokim o‘rinbosarlari, klasterlar, fermer xo‘jaligi rahbarlari ishtirok etmoqda.

– Viloyatda sug‘oriladigan ekin maydonlarining qariyb barchasi turli darajada sho‘rlanganligi va kelgusi 2023 yilda kutilishi mumkin bo‘lgan suv tanqisligini, sho‘r yuvilgan maydonlarda 1 marta sug‘orishga sarflanadigan suvning iqtisod qilinishini inobatga olib, kuz-qish mavsumida 2023 yil hosili uchun 71 717 gektar maydonda sho‘r yuvish ishlarini olib borish rejalashtirilgan, – deydi Quyi Sirdaryo ITHB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari O‘rozali Hayitov. – 2023 yil hosili uchun sho‘r yuvish rejalashtirilgan maydonning 46 693 gektari kam sho‘rlangan, 20 770 gektari o‘rta sho‘rlangan, 4254 gektari kuchli sho‘rlangan maydonlardir.

Sho‘r yuviladigan maydonning 47 545 gektarida pol bilan sho‘r yuvish, 24 172 gektarida jo‘yak bilan sho‘r yuvish amaliyoti qo‘llaniladi.
Yer tayyorlash ishlariga joriy yil noyabr oyining III o‘n kunligida kirishilgan bo‘lib, ishlar yakunlanmoqda. Bunga viloyat bo‘yicha 192 dona yer tekislash jihozi, 113 dona pol olish, 95 dona jo‘yak olish moslamasi jalb etilgan.

– Sho‘r yuvish paytida har 10 litr sekund suvga 1 nafardan suvchi biriktirilgan, – deydi Quyi Sirdaryo ITHB boshlig‘i o‘rinbosari Obidjon Ahmadqulov. – Natijada suvni nazorat qilish oson bo‘lib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmayapti. Klasterlar boshliqlari va fermer xo‘jaligi rahbarlariga mavsumni unumli va sifatli o‘tkazish uchun suvchilarni issiq kiyim, tungi chiroqlar, ovqat bilan ta’minlash yuklatilgan.
Zararkunanda hashoratlarning g‘umbaklari nobud bo‘lib, begona o‘simliklarning qoldiqlari va urug‘lar chirishi, yerlar yaxshilanishi, hosildorlikning oshishiga zamin yaratadi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA