Samarqandda O‘zbekiston Kadastr agentligi mezbonligida Fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasi bo‘yicha Yevroosiyo tashabbusi (EuraAsia SDI)ning navbatdagi konferensiyasi boshlandi.
Anjumanda tashabbusning doimiy ishtirokchilari – Koreya Respublikasi, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston kadastr, yer resurslari idoralari vakillari bilan birga Rossiya va Turkiyadan soha bo‘yicha mutaxassislar, jami qirqqa yaqin ishtirokchi o‘z ma’ruza va taqdimotlari bilan ishtirok etmoqda.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Kadastr agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari A.Allaberganov, Koreya Respublikasi milliy geografik tadqiqotlar instituti direktori Vo Sug Cho so‘zga chiqib, bu galgi tadbirning asosiy mavzusi, undan kutilayotgan natijalarga to‘xtaldi.
– Geoinformatsion tizimlar yerni boshqarish, geologiya, meteorologiya, ekologiya, shahar va mintaqaviy boshqaruv, transport, iqtisodiyot, mudofaa va boshqa ko‘plab sohalarda muhim o‘rin tutadi, – dedi Kadastr agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari A.Allaberganov. – Ishonamizki, bugungi tadbir yangi g‘oyalar va samarali hamkorlikni shakllantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Yer islohoti, kadastr va raqamlashtirish masalalari milliy iqtisodiyotga va fuqarolarning hayot sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir. Shuning uchun qiyosiy bilimlarni olish uchun kadastr, geodeziya, kartografiya va sheriklarimizning fazoviy ma’lumotlari sohasidagi innovatsion yechimlar va yutuqlarni hisobga olish muhimdir.
[gallery-14698]
EuraAsia SDI 2015 yilda Koreya respublikasi tashabbusi bilan yetti doimiy a’zo davlatdan iborat tarkibda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy maqsad Koreyaning rivojlanayotgan davlatlar bilan geoaxborot tizimlari va fazoviy ma’lumotlarni rivojlantirishda bilimlar transferi va tajriba almashish hamda bu borada hamkorlikda ishlash hisoblanadi.
– Biz 1995 yildan buyon fazoviy infratuzilmadan foydalanamiz, – deydi Koreya Respublikasi geografik tadqiqotlar milliy instituti direktori Cho Vu Sug. – Axborot sohasi bo‘yicha institutsional tuzilmalar yaratildi, uchta qonun qabul qildik. O‘zimizning sun’iy yo‘ldoshimiz bor va har uch haftada fazoviy ma’lumotlar bazasi yangilanadi. Demoqchimanki, bizda ishonchli tizim bor va uni boshqalar bilan baham ko‘rishga tayyormiz.
Shundan so‘ng anjuman EuraAsia SDI ishtirokchi mamlakatlari geofazoviy ma’lumotlarini shakllantirishning joriy holati muhokamasiga bag‘ishlangan sessiya bilan davom etdi. Unda O‘zbekiston, Belarus, Tojikiston, Mo‘g‘uliston va Koreya Respublikasi vakillari tomonidan fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasining joriy holati va istiqollari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
– Fazoviy ma’lumotlardan foydalanish iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik nuqtai nazardan istiqbolli bo‘lgani, investitsion muhitni yaxshilashga xizmat qilishi tufayli keyingi yillarda mamlakatimizda ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari Mirsaid Mirmaqsudov. – Fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasini rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Shu paytgacha barcha normativ asoslar yaratildi va hozirda amaliy ishlarga o‘tganmiz. Tashabbusga a’zo davlatlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bundan avval 2018 yilda ham mazkur tuzilmaning konferensiyasi o‘tkazilgandi. Bu galgi anjuman iqlim o‘zgarishlari va tabiiy ofatlar sharoitida fazoviy ma’lumotlardan foydalanishga bag‘ishlangan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda a’zo davlatlar erishayotgan natijalarni tahlil qilib, kelgusidagi vazifalarni belgilab olish rejalashtirilgan.
– Besh yildan buyon ushbu tashabbusga a’zomiz va bu biz uchun har tomonlama foydali bo‘lmoqda, – deydi Belarus Respublikasi Kadastr milliy agentligi geoaxborot tizimlari boshqarmasi boshlig‘i Marina Litreyeva. – Chunki, bugun faoliyatimizni raqamli texnologiyalar, zamonaviy axborot tizimlarisiz tasavvur qila olmaymiz. Shu jihatdan fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasini rivojlantirishdan barchamiz birdek manfaatdormiz. O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan bu yilgi tadbirda tashabbusga a’zo har bir davlat infratuzilma bo‘yicha amalga oshirgan va ayni paytda olib borayotgan ishlari yuzasidan o‘z ma’lumotlarini taqdim etmoqda. Bu o‘zaro tajriba almashish va kelgusidagi vazifalarimizni belgilab olishda katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Kunning ikkinchi yarmida tadbir ishtirokchi davlatlar o‘rtasida yerdan foydalanish, kartografiya va boshqa sohalarda geofazoviy ma’lumotlarni qo‘llash bo‘yicha tajriba almashish mavzudagi sessiya bilan davom etdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari